Bozorlarda mahsulotlarning mo‘l-ko‘lligini ta’minlash, ijtimoiy zaif qatlamning xarid qobiliyatiga mos sharoitlarni yaratish, dehqon, fermer va ishlab chiqaruvchilarni bozorlarga amalda kirib borishini ta’minlash hamda o‘rtakash bo‘g‘inini keskin qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilab olingan.
Shunga muvofiq, dehqon bozorlari, tovar xomashyo birjasiga xodimlarni biriktirish hamda yirik ishlab chiqaruvchilar va importyor korxonalar bilan doimiy muloqot o‘rnatish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kafolatli ta’minlanmoqda.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda aholini arzon va sifatli ijtimoiy muhim turdagi mahsulotlar bilan ta’minlash uchun dehqon va fermerlarga ko‘maklashish hamda ularning manfaatdorligini oshirishga asoslangan “daladan – dasturxonga” mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarining kirish va aholi gavjum bo‘lgan joylarida qariyb 2 ming 900 ta arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtasi tashkil qilingan. Ushbu rastalarga 445 ta chorva, 275 ta parrandachilik korxonalari, 500 ta kartoshka, piyoz va sabzi, 140 taga yaqin baliq hamda 870 ta boshqa ishlab chiqaruvchilar nomma-nom biriktirilib, mahsulotlarning doimiy va mo‘l bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Narxlarni mo‘’tadillashtirish uchun joriy yilning o‘tgan davrida 27 ming tonna kartoshka, 32 ming tonna piyoz, 18 ming tonna sabzi, 5 ming tonna karam, 6 ming tonna parranda go‘shti, 14 ming tonna go‘sht, 400 million dona tuxum, 9 ming tonna guruch va 25 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi narxida bozorlarga qo‘shimcha ravishda kiritilishi ta’minlangan.
Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mahsulotlar arzon va taklif yuqori bo‘lgan hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilish, ya’ni mahsulot miqdorini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatidan respublika hududlariga qariyb 6 ming tonna ertaki kartoshka va 28 ming tonna yangi piyoz ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda bozorlarga yetkazib berilishi ta’minlanmoqda. Hozirgi vaqtda birgina Samarqand va Toshkent viloyatlarida ertaki kartoshka yalpi hosilga kirgan bo‘lib, joriy oyning o‘zida 475 ming tonna hosil ichki bozorga kirib kelishi kutilmoqda. Bu esa, aholi ehtiyojini qoplashga yetadi hamda kartoshka narxidagi tebranishlarni bartaraf etish imkonini beradi.
Shuningdek, arzonlashtirilgan rastalarda mahsulotini sotayotgan dehqon, fermerlar va ishlab chiqaruvchilardan bir martalik yig‘imlar olish bekor qilinib, savdo anjomlari beg‘araz ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumki, hozirgi kunda ayrim turdagi mahsulotlar, jumladan, shakar va o‘simlik yog‘i narxi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, tovar-xomashyo birjasi orqali savdoga chiqarilishi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Bunda, birinchi navbatda mahsulotlarni aholi ehtiyojiga mos hajmda birja savdolariga chiqarilishi, xarid qilingan mahsulotni muddatida yetkazib berilishi hamda realizatsiya qilinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, muqaddam shakar birja savdolariga 1-2 ming tonna chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda aholi ehtiyojini hisobga olgan holda 3 ming tonnagacha oshirildi. Shu kabi, un va paxta yog‘ini savdoga chiqarish hajmlari ko‘paytirildi, narxlarni sun’iy oshirgan holda bitimlar tuzish holatlari bo‘yicha iqtisodiy jarimalar miqdori oshirildi.
Alohida ta’kidlash lozimki, ayrim oziq-ovqat tovarlari import hisobidan qondirilishini inobatga olgan holda, yirik importyorlar tomonidan mahsulotlarning mamlakatimizga keltirilishi ham qat’iy nazoratga olingan.
Imtiyozli foiz stavkalari bilan taqdim etilgan kreditlar asosida kartoshka, o‘simlik yog‘i, un va shakar xomashyosi sotib olinishi hamda mamlakatimizga olib kirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Ajratilgan kreditlar hisobiga jami 60 ming tonna kartoshka, 3 ming tonna go‘sht, 1,7 ming tonna o‘simlik yog‘i, ming tonna un, 12,7 ming tonna shakar keltirildi. Ushbu mahsulotlar “birinchi qo‘l” tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz dehqon bozorlarida sotilishi ta’minlanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA