Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda
19:14 / 2025-09-04

Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj – jismoniy imkoniyati cheklangan, nogiron, keksa, yakka yolg‘iz yashovchi fuqarolarni ko‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 8 maydagi "O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. 

Mazkur qarorda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish maqsadida 2025 yil 1 iyundan boshlab mamlakatimizda “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilishi belgilangan.

Dastur doirasida belgilangan toifadagi fuqarolarga besh turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, uy sharoitida qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatlari hamda shaxsiy yordamchi xizmat turlari ko‘rsatila boshlandi. 

Uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj 18 va undan katta yoshdagi shaxslarga ko‘rsatiladi. 

[gallery-25173]

Uy sharoitida qarab turish xizmatidan esa o‘zgalar parvarishiga muhtoj 18 va undan katta yoshdagi kambag‘al oilalar reyestri yoki «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslar foydalanishi mumkin. Ushbu xizmat shaxsga qarab turish (yiqilish va jarohatlanishning oldini olish), parvarishlash (ovqatlantirish, gigiyenik tadbirlarni amalga oshirish), u bilan muloqot qilish, shaxsning o‘z-o‘ziga xizmat qilishga o‘rgatish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. 

Tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan fuqarolarga ko‘rsatiladi. 

Ushbu xizmat o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxsga haftada 3 marta 2 soatdan, biroq 1 ta shaxs uchun uzluksiz 6 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda Kambag‘al oilalar reyestri yoki «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatiladi.

Kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatidan esa o‘zgalar parvarishiga muhtoj 18 va undan katta yoshdagi “Kambag‘al oilalar reyestri” yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga, haftada 5 ish kuni davomida, kuniga 8 soatgacha vaqt mobaynida ko‘rsatiladi.

Shaxsiy yordamchi xizmatlardan foydalanish uchun I guruh nogironligi, shuningdek, ko‘zi ojizlik bo‘yicha birlamchi nogironlik belgilangan va ko‘zi ojizlik bo‘yicha birlamchi nogironlik belgilangan vaqtdan boshlab 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda murojaat qilgan fuqarolar foydalanishi mumkin. 

Xususan, birinchi marta aravachadan foydalanish belgilangan shaxs, birinchi marta aravachadan foydalanish belgilangan vaqtdan boshlab 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda murojaat qilganida, haftada 5 ish kuni davomida, kuniga 3 soatgacha, biroq 2 haftadan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rsatiladi.

Ushbu xizmatlardan foydalanish uchun fuqarolar o‘zlari yashayotgan mahalla ijtimoiy xodimiga murojaat qilish orqali ariza berishi mumkin. Ariza mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, shaxsning holati baholanadi, xizmatlardan foydalanish yo‘nalishi belgilanadi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Andijon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan zarur barcha ishlar olib borilmoqda. Ayni kunda shaharda 91 ta mahalla fuqarolar yig‘inida muayyan tajriba va malakaga ega 91 nafar kompleks xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim hamda "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazida 25 nafar ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi xodim faoliyat olib bormoqda.

Markazimiz xodimlari Prezident qarori ijrosini ta’minlash, umuman, belgilangan toifadagi shaxslarga zarur ijtimoiy xizmatlarni qo‘rsatish uchun astoydil mehnat qilishmoqda.

Dildoraxon TOJIBOEVA, 

Andijon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari. 

O‘zA