Qo‘shrabot tumani Zarkent shaharchasidagi “Yoshlar” sport majmuasida Janubiy kon boshqarmasi, “Navoiy kon metallurgiya kombinati jamg‘armasi” DM Nurobod boshqarmasi ishchi-xodimlari, ularning oila a’zolari hamda shaharcha aholisi ishtirokida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Qo‘shrabot tumani hokimi D.Shakarboyev, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining texnologiya bo‘yicha direktori O.Mustaqimov bayram qatnashchilarini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Bir guruh konchilar “Navoiy kon metallurgiya kombinati faxriysi” unvoni, turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan konchilik sanoati sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi Janubiy kon boshqarmasi ta’mirlash mexanika sexi tokori G‘ulom Atamurodov. – Ayniqsa, biz konchi va metallurglarga yaratilayotgan imkoniyatlar, sohaga jalb qilinayotgan zamonaviy texnologiyalar sabab rudani qazib olish hamda qayta ishlash quvvatlari oshdi. Bir qator hamkasblar qatorida “NKMK faxriysi” unvoniga loyiq ko‘rilganim menga faxr bag‘ishlamoqda.
Zarkentning bundan 25-30 yil oldingi ko‘rinishi bilan bugungi jamoli o‘rtasida juda katta tafovutni ko‘rish mumkin. Mustaqillik sharofati bilan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmagan mahalla qolmadi. Shaharcha qiyofasi yil sayin go‘zallashib, xalq uchun har tomonlama qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
– Yurtimizda bayramlar ko‘p. Ammo bu bayram biz uchun eng ulug‘idir, – deydi Abduhamid Qurbonov. – To‘g‘risini aytsam, hozir bir necha marta ko‘zimga yosh oldim. Bu albatta sevinch yoshlari. Ilohim, shunday kunlarimizga ko‘z tegmasin. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.
Tadbirda “Nurobod” va “Konchi” madaniyat uylari ijodkorlari hamda elimiz ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA