Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarkent otani kelajak avlod uchun ham asrashimiz kerak
16:07 / 2023-08-22

Yurtimizning qay bir viloyatiga bormang qadimiy ziyoratgohlar, ularning nomlanishi, joylashishi va o‘z tarixiga oid manbalarga duch kelasiz.

Toshkent viloyatining Parkent tumanida ham mo‘’tabar ziyoratgohlar ko‘p. Parkent tumani azaldan xushmanzara joylar sirasiga kiradi. Chotqol tog‘ tizmalarining g‘arbiy yonboshida ko‘hna Zarkent qishlog‘ining yuqori qismida muqaddas Makka shahri bilan fazoviy bir to‘g‘ri chiziqda joylashgan avliyo Zarkent ota qabri borligi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. 

Suriyaning Molotiya shahrida tug‘ilgan, asli arab millatiga mansub islom dunyosida o‘ziga xos nom qozongan Sayid Ja’far G‘oziy nomini ko‘pchilik eshitgan. U o‘z zamonasining bilimli, odamlarga yaxshilik qiluvchi, islom madaniyati va dinining faol targ‘ibotchisi bo‘lgan. 1324 yili Toshkentda toshbosma usulida nashr etilgan “Sayid Ja’far G‘oziy jangnomasi” nomli asarda bu zotning Toshkent viloyatida qilgan ishlari xususida ma’lumotlar mavjud. U haqida xalq orasida turli rivoyatlar tildan tilga o‘tib shu paytgacha yetib kelgan.  

Rivoyatlarning birida shunday deyiladi. Zarkentga kelgan Sayid Ja’farga Xizr Alayhissalom nozil bo‘lgan va uning murodini hosil qilish uchun hassasini toshga qadagan, suv (hozirgi buloq) paydo bo‘lgan. Bu poklanish (tahorat) uchun yetarlidir, deb fikr bildirgan. Dushmanlar ta’qibidan qutila olmagan bu zot ushbu buloq atrofidagi butazorga kirib ketgan va qaytib chiqmagan.  

– Yoshim qirq beshda. Adashmasam yigirma besh yildan oshdi shu ziyoratgohni obod qilish ishlarida faoliyat yuritaman, – deydi biz bilan suhbatda  G‘ulomjon Yusupov. – Ziyoratgoh haqida eshitganlarimni aytib bersam. Aytishlaricha, u zot bu yerga kelganida hamma tomon tog‘-toshlardan iborat, suvsiz joy bo‘lgan. Islomni targ‘ib qilish, madaniyat va ma’rifat tarqatish borasida juda zehnlari o‘tkir inson bo‘lgan. Poklanib olish uchun suv yo‘q. Shunda qandaydir ilohiy da’vat bilan qo‘lidagi hassani toshga tekkazishi bilan mana shu ko‘rib turgan joydan buloq otilib chiqadi. Ancha vaqtlar bu joylarda turli butalar rivoj topadi. So‘ngra vaqtlar o‘tib dushmanlar u zotni ta’qib qiladi. Ulardan qochib jon saqlash uchun mana shu butalar orasiga kirib yashirinadi va u yerdan qaytib chiqmaydi. Baland tepalikda katta archa bor. Archa tagida katta xarsang tosh bor. U tosh hozir ham turibdi. Toshga qarasangiz bir mo‘ysafid qo‘llarini iyagiga tirab cho‘kka tushib o‘tirgandek shaklni ko‘rasiz. Yoshlik paytimda u joyga ko‘p bor chiqqanman. Hozir u yerga chiqish mashaqqat. Butazorlar juda qalinlashib, quyuqlashib ketgan.

Mahalliy aholining aytishicha, ziyoratgohning ikki xislati bor. Birinchisi, “qushqo‘nmas avliyo joy” deb nomlanishi. Sababi bu yerdagi birorta daraxt va butalarga bulbuldan boshqa parranda qo‘nmasligi. Ikkinchisi, buloq suvining shifo va sofligi, qadamjoning murodbaxshiligidir. Shu bois bir necha asrlar davomida bu yer muqaddas ziyoratgoh sifatida tan olinib, musulmon insonlar tomonidan “Avliyo Zarkent ota” ruhiga tilovat, duo qilinadi va o‘zlarining murodu istaklariga yetish umidiga ishonib keladi.  

– Adashmasam, 2016 yil. O‘sha yili otam o‘z omonatlarini topshirgan edi. Yuqori tashkilotning kazo-kazolari bu yerga kelishdi. Ziyoratgohni obod qilish masalasi ko‘rildi. Zarkent qishlog‘iga kirib kelishda turli savdo do‘konlari, bozorlar, masjid va maktablarga Zarkent ota ziyoratgohi qay ko‘rinishda bo‘lishi aks etgan plakatlar ilindi. Hamma xursand. Nihoyat e’tibor bo‘lar ekan, deb sevindik. Afsuski, qishloq ahlining xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Hech qancha vaqt o‘tmay plakatlar yig‘ib olindimi, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdimi, bilmadik. Faqat, birgina mana shu yo‘lak qurildi xolos, – deydi G‘ulomjon.  

Suhbatdoshimizning kuyunganicha bor. Ziyorat uchun nafaqat yurtimiz, balki, qo‘shni respublikalardan ham sayyohlar kelib turadi. Bir kunlik ziyoratimiz chog‘ida bunga guvoh bo‘ldik ham. Mehmonlar oldida ba’zan noqulay sharoitga tushish hollari ham bo‘lib turadi. Uning aytishicha, Kumush kondagi suv tarkibida kumushga oid ma’danlar ko‘p bo‘lsa, bu buloqdagi suvda o‘z nomi bilan aytganda zar, ya’ni, oltin tarkibidagi ma’danlar mavjud bo‘lsa ajab emas. To‘rt faslda ham birdek haroratda muzdek suvdan shifo topaman, deb keluvchilarning soni ko‘paysa ko‘paymoqdaki kamaygani yo‘q.  

Biz hozir tanqid qilishdan yiroqmiz.

Atrof sarishta. Yo‘laklar ozoda. Xolmon o‘g‘li Ermon hoji tomonidan 2002 yil ziyoratchilar uchun qurilgan masjid, suv olish uchun yaratilgan sharoitlar yaxshi, albatta. Lekin madaniy yodgorlik sifatida qayd etilgan tabarruk joyga nega e’tibor kam. Suhbatdoshimiz aytib o‘tganidek chizilgan chizmalar, ajratilgan sarf-xarajatlar besamar ketmadimikan. Nima bo‘lganda ham ziyoratchilar uchun qulayliklar, sharoitlar yaratish uchun imkoniyatlar talaygina. Buning uchun ozgina jon kuydirilsa bas. Manzil haqida so‘z yuritishdan maqsad esa bitta. U ham bo‘lsa, kelajak avlodga bizdan yaxshi manzillar qolsin. Shunda har birimiz savobli ishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.  

 

Asror Sulaymonov,  

O‘zA