Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zargarlik sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari soni qariyb 4 barobarga ko‘paygan
15:48 / 2026-01-29

Qonun loyihasiga sharh

Mamlakatimizda zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish, respublikada ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlarining tashqi bozorda raqobatbardoshligini ta’minlash hamda zargarlik buyumlari eksportini oshirishga qaratilgan ishlar natijasida zargarlik sanoatida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Xususan, 2025 yilning o‘zida sohada faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar soni 2 ming 700 tadan oshdi. Ya’ni, qariyb 4 barobarga ko‘paydi. Eksport ko‘rsatkichi esa 5.1 tonnaga yoki 439 million AQSH dollariga yetdi. Bu esa avvalgi yilga nisbatan eksport hajmi 4,7 barobarga oshganini ko‘rsatadi.

Endilikda qimmatbaho metallardan yasalgan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasini olish nazarda tutilmoqda. Bu esa qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning noqonuniy aylanmasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida ushbu masalalar o‘z aksini topgan.  

Mazkur hujjatga ko‘ra, 2029 yil 1 fevralgacha zargarlik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, ularning yaratayotgan ish o‘rniga qarab, sotib olinayotgan qimmatbaho metal va oltin narxida (1 foizdan 4 foizgacha) chegirma berilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, biror bir davlatda bunday imtiyoz yo‘q.

Mazkur qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish, mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish hamda qonuniy faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA