Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zargarlik sohasidagi muammo va kamchiliklar tahlil qilindi
18:33 / 2022-06-08

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston dunyo miqyosida oltin zaxirasi va eksporti, tilla ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan hisoblanadi.

Binobarin, hali sohadagi salohiyatdan to‘laqonli foydalanilyapti, deb ham bo‘lmaydi. Masalan, Turkiyada besh mingdan ortiq, Hindistonda o‘ng mingdan ziyod zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaradigan tadbirkor faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda esa bugungi kunda uch yuz nafar atrofida zargar bor ekan.

Demak, yurtimizda zargarlik sanoatini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammo, kamchiliklarni o‘rganish va bartaraf etish dolzarb vazifa.

Poytaxtimizda  “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamkorligida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda yuqoridagi jihatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Dolzarb masalalarni ochiq, samimiy ruhda, ishchan kayfiyatda muhokama qilib olish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda zargarlik sanoatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza bildirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda Respublika bo‘yicha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohasida 92 yuridik shaxs va 223 yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilib, sohaga doir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tizimni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Xususan, xom-ashyoni erkin sotib olish bo‘yicha qulayliklar yaratildi. Xom ashyo va tayyor mahsulot qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilindi. 2023 yil martga qadar qimmatbaho toshlar olib kirish uchun bojxona to‘lovi olib tashlandi. Shuncha imtiyozlarga qaramasdan, afsuski, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi va hajmi kamligicha qolmoqda. Tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlari to‘laqonli ishlatilmayapti.

[gallery-7490]

Muloqot davomida sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar ko‘tarilib, turli takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, tegishli qaror bilan qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan olish uchun belgilangan kafolat mexanizmidan foydalanishda noqulaylik, murakkablik vujudga kelayotgani, kechiktirib to‘lash muddati qisqaligi aytib o‘tildi. Shu bilan birga chet el xaridorining manziligacha yetkazib berish xizmatini taklif etadigan kompaniyalar mavjud emasligiga urg‘u berildi.

Zargarlik bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammo va kamchiliklar ham gapirildi. Jumladan, tizimda bilim va ko‘nikmaga ega yetuk malakali kadrlar yetishmaydi. Xorijdan mutaxassis olib kelib, ishlatish ancha qimmatga tushadi. Bu masalani hal etishda rivojlangan xorijiy davlatlarning mohir zargar ustalarini jalb etgan holda o‘zbek zargarlari tajribasini oshirish, ularga sohaga oid zamonaviy bilimlarni o‘rgatish, shu yo‘nalishda o‘quv kurslari, mahorat maktablari tashkil etish orqali yuqori natijaga erishish mumkinligi qayd etildi.

Umuman, yurtimizda zargarlik sohasini mahalliy sanoat tarmog‘i sifatida iqtisodiyotning drayver yo‘nalishlaridan biriga aylantirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirish lozim. Xususan, zargarlarga tovar-xom ashyo birjasi orqali 360 kunga kechiktirib to‘lash shartini tadbiq etish, kafolatni boshqa tijorat banklari orqali amalga oshirishga ruxsat berish, bank kafolatini yakka tartibdagi tadbirkorlarga taqdim etish, qimmatbaho metallni metall ko‘rinishida qaytarish imkoniini yaratish kerak. Qayta ishlash uchun respublika hududiga olib kirish hamda eksport qilishda qimmatbaho metallar eksporti va importi bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi litsenziya rasmiylashtirish talabini bekor qilish muhim. Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga asbob-uskunani lizing sharti asosida berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish lozim.

- Uyushmamizga 30 dan ziyod zargar a’zo, - deydi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi o‘rinbosari Shohruh To‘ychiboyev. – 200 dan ortiq zargarlik yo‘nalishidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat bor. Shuningdek, 300 dan ko‘proq yakka tartibdagi tadbirkor zargarlik faoliyatini amalga oshirmoqda. Har bir YATT 5-10 nafar yoshga “ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq, hunar o‘rgatib, bandlikni ta’minlamoqda. Eng kichik korxonalarda o‘nlab, yiriklarida 150 nafardan ziyod fuqaro ishlaydi. Zargarlik sanoati nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham, masalan, Xorazm,  Andijon, Namangan viloyatlarida keng rivojlanyapti. Hozirgi kunda zargarlik mahsulotlarimiz, asosan, AQSH, Kanada, Turkiyaga eksport qilinyapti.

Tadbirkorlar tomonidan qimmatbaho metall va toshdan ishlangan zargarlik buyumlarini boshqa davlatlarga sotishda uchrayotgan muammolar, ya’ni logistika narxi yuqoriligi ta’kidlandi. Shuningdek, davlatdan tilla sotib olish jarayonini yengillashtirish masalasi ham ko‘tarildi.

Mutasaddilar e’tiroficha, uchrashuvda qayd etilgan muammolar, albatta, o‘rganiladi. Tadbirkorlarning taklif va mulohazalari asosida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli qaror loyihasi ishlab chiqiladi.

Go‘zal Sattorova, 

Muhammad Amin (surat), O‘zA