Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zargarlik sanoati — milliy iqtisodiyot drayveri
16:54 / 2025-10-24

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda zargarlik sanoatini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida soha milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylandi.

O‘zmilliybank mutasaddilari, zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, xorijiy investorlar va mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham shu xususida so‘z bordi. Unda zargarlik tarmog‘i istiqbollari, yutuq va muammolar tahlil etildi. 

Ta’kidlanganidek, zargarlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida 2023-2025 yillar davomida quyidagi natijalarga erishildi:

  • Korxonalar soni 1 344 tadan 2 133 tagacha ko‘payib, 63 foiz o‘sish ta’minlandi;
  • Ishchi-xodimlar soni 1 500 tadan 5 186 nafargacha, ya’ni 3,5 barobar ko‘paydi;
  • Ish haqi fondi 242 milliard so‘mdan 473 milliard so‘mgacha oshdi (1,9 barobarlik o‘sish);
  • Soliq tushumlari 177 milliard so‘mdan 277 milliard so‘mgacha yetib, 64 foizga oshdi;
  • Qimmatbaho metallar hajmi 3 455 kilogramdan 8 043 kilogramgacha, ishlab chiqarish hajmi esa 6 776 kilodan 14 900 kilogacha ko‘paydi;
  • Eksport hajmi 78 million dollardan 359 million dollargacha o‘sib, 4,6 barobar oshdi.

Ushbu ko‘rsatkich zargarlik sanoatining nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyati ham ortib borayotganidan dalolat beradi. Ish o‘rinlari va milliy mahsulotlar turining ko‘payishi, eksport hajmining ortishi sohaning milliy iqtisodiyotdagi o‘rni kengayayotganini ko‘rsatadi. 

 “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyi davomida zargarlik korxonalari soni 2 133 taga yetgani, shundan 477 tasi yangidan tashkil etilgani tadbirkorlik muhitining yaxshilanganini ko‘rsatadi. Sohaning aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni ham yuksalmoqda. Hisobot davrida umumiy qiymati 9 090 milliard so‘mlik 14 900 kilogramm zargarlik buyumlari ishlab chiqarilgan. Eksport xajmi esa 359,4 million dollarni, mahsulot miqdori 4 351 kilogramni tashkil etgan. Bunda tarmoq korxonalarining ulushi 64,9 foiz, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan bilvosita eksport ulushi esa 35,1 foizni tashkil etdi. Shuningdek, 8,6 million dollarlik 908 kilogramm zargarlik mahsulotlari import qilingan. 

Bularning barchasi tarmoqning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, ya’ni imtiyozlar, soddalashtirilgan tartib-taomillar, eksportni rag‘batlantirish siyosati va tadbirkorlik faolligining amaldagi natijasidir.

Ta’kidlash lozim Prezidentimizning 2025 yil 15 oktyabrdagi “Zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

 Mazkur hujjatdan ko‘zlangan maqsad, zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama ko‘maklashish hamda aholining yuqori sifatli mahalliy zargarlik buyumlariga bo‘lgan talabini qondirish etib belgilandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi PQ–452-son qarorining 2-bandiga muvofiq qimmatbaho metallarni birja savdolari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotishda beriladigan chegirmalarning amal qilish muddati 2029 yil 1 fevralga qadar uzaytirildi. 

2026 yil 1 fevraldan boshlab chegirmalardan foydalanadigan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarining ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi qo‘shimcha mezonlar inobatga olinadi. 

Yaratilgan yangi ish o‘rinlariga ishga qabul qilingan zargarlar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzilgani va ularga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi hisoblangani hamda ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangani.

zargarlik markazlarida kamida bir oy davomida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ekti bo‘lishi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy yil oxiriga qadar 20850 kilogramm zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish, eksport hajmini 400 million AQSH dollariga yetkazish, miqdor jihatdan 4 250 kilogramm tayyor mahsulot tayyorlash,  ishlab chiqarishni 2024 yilga nisbatan 260 va eksport ko‘rsatkichini 380 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Zargarlik sanoatidagi ijobiy dinamikani yanada mustahkamlash, yangi bozorlarga chiqish, xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish sohadagi ustuvor vazifalar hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy tashabbuslar ustida ish olib bormoqda.

Zargarlik sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri sifatida rivojlanmoqda.  Ochiq muloqotlar, mutaxassislar va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik esa soha taraqqiyotini jadallashtirish, muammolarga aniq yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.    

Kamola Yusupova, O‘zA