Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zargarlik – qayta jonlanayotgan bebaho meros
15:28 / 2025-12-23

Ma’lumki, zargarlik o‘zbek xalqining eng qadimiy va boy badiiy an’analaridan biri. U nafaqat go‘zallik, balki xalqimizning tarixi, madaniyati va dunyoqarashini ifodalaydi.

So‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilib, sohaga doir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tizimni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 iyuldagi "Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida yurtimizda zargarlik sanoati rivojlantirilmoqda. Sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar o‘rganilib, bartaraf etish masalalariga atroflicha e’tibor qaratilmoqda.

Zargarlik sanoatini respublikaning yetakchi tarmoqlardan biriga aylantirish, zargarlik buyumlarini sotish faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish, mahsulotlarni eksport qilish ko‘rsatkichlarini oshirish hamda ularning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda. 

Yurtimizda 30 mingga yaqin hunarmand faoliyat yuritsa, undan 4 foizi zargarlar hisoblanadi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Farg‘ona zargarlik maktablari har biri o‘z uslubiga ega. Xususan, Buxoro zargarligi nafis ishlov berishi bilan ajralib tursa, Xiva zargarligi esa o‘ziga xos shakllari bilan dovrug‘ qozongan.

–Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohasida 92 yuridik va 223 ta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi mas’ul xodimi Nilufar Hotamova. – Zargarlik — bu shunchaki hunar emas, u xalqning tarixini, estetik qarashini, ruhini o‘zida mujassam etgan san’at. Ayniqsa, Xorazm hududida zargarlik san’ati juda qadimiy. Ayozqal’a, Burgutqal’a kabi qadimiy qal’alarda olib borilgan arxeologik qazishmalarda miloddan avvalgi II–I asrlarga oid oltin-kumush zeb-ziynat buyumlari topilgan. XIV–XIX asrlarga kelib, Xorazmda zargarlik mustaqil maktab sifatida shakllandi.

Manbalarda ko‘rsatilishicha, Xorazm ustalarining zargarlik buyumlari shakllarning boyligi, mayda ilgakchalar, osilmalar va bezak elementlariga boyligi bilan ajralib turardi. Zargarlik buyumlari ichida eng mashhurlari bileziklar, tumor va osilmalar, marjon va uzuklardir.

Xorazmlik zargar Jamol og‘a Allabergenov ham o‘z texnikalarida o‘zgacha ma’no va mehr berib, zargarlik buyumlarini yasashi bilan ma’lum va mashhur. U asosan kumush va tilladan foydalangan holda eng mashhur milliy taqinchoqlar, jumladan, tillaqosh, bolabru, gajak, taxyado‘zi va zebigardon hamda zirak va uzuklar yasaydi. Zamonaviy zargarlikning qadimiy usullarini yangicha ko‘rinishda talqin qilib, milliy merosimizni davom ettirmoqda. Usta bir nechta mahalliy va xorijiy ko‘rgazma va festivallarda o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, diplom va sertifikatlarni qo‘lga kiritmoqda.

–Zargarlik — bu hunar emas. U yurak va hissiyotlar talqini, – deydi Jamol og‘a Allabergenov. – 25 yildirki shu sohada faoliyat yuritaman. Zargarlik milliy merosimiz bo‘lgani bois, uni asrash lozim. Agar biz uni asramasak, bu san’at tarixga aylanib ketadi. Bu sohani yo‘qotmaslikning eng yaxshi yo‘li ustoz-shogird maktablarini rivojlantirish. Hozirda 15 nafar shogirdim va ular qatorida 2 nafar farzandimga zargarlik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdaman.

Ular bilan har xil turdagi zargarlik mahsulotlarini, milliy turdagi qo‘lda yasaladigan taqinchoqlarni yasaymiz. Milliy va zamonaviy mahsulotlarni uyg‘unlashtirib ijodiy ishlar qilamiz.  Prezidentimizning keyingi yilarda zargarlik sohasini rivojlantirish va zargarlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi qator farmon va qarorlari biz kabi hunarmandlarga o‘zgacha ruh beradi. Ushbu hujjatlar asosida innovatsion asbob-uskunalar bilan ta’minlandik. O‘z mahsulotlarimizni sotishda shoxobcha va yer maydonlariga ega bo‘ldik. Bir so‘z bilan aytganda, imtiyozlarimiz kengaydi va daromadimiz oshdi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA