O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga quyidagi qo‘shimchalar kiritiladi:
a) qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotib olish imkoniyatidan foydalanilgan har bir kun uchun foizlar hisoblash tartibi joriy qilinadi, xususan:
30 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga - foiz hisoblanmaydi;
31-kundan 180 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga - Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi;
b) qimmatbaho metallarni birja savdolarida chegirmalar qo‘llagan holda sotib oluvchi tadbirkorlik sub’ektlariga mezonlar belgilanadi, shu jumladan:
yaratilgan ish o‘rinlarining kamida 70 foizini zargarlik buyumlari va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan ishchi kasblar tashkil etish;
yaratilgan ish o‘rinlariga ishga qabul qilingan xodimlarga kamida olti oy davomida ish haqi hisoblanishi va ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi;
tadbirkorlik sub’ektlari zarur moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, ishlab chiqarish maydonlari hamda sharoitlarga ega bo‘lishini nazarda tutuvchi tartib joriy qilinadi.
O‘zA