Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zardan ungan go‘zallik
16:52 / 2021-05-03

Bolalikda ko‘rganing, eshitganing, o‘rganganing bir umrga tasavvuringda qolar ekan.

Yillar o‘tib, yoshingga yosh qo‘shilgani sayin bolalik xotiralaring bilan qalbing to‘rida saqlanarkan.

Bolaligimda Buxoro shahrida yashaydigan amakivachcha opam oilaviy zardo‘zlik bilan shug‘ullanardi. Har hafta qishloqqa kelib, singillari va qishloq qizlariga turli zardo‘zi buyumlarning tayyor maketlarini, zar ip va boshqa zarur anjomlarini tarqatib, tayyor bo‘lgan “zakaz”larini esa yig‘ib ketardi. Shu asnoda o‘sha paytda qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydagi ko‘pchilik qizlar, kelinlar zardo‘zilik bilan shug‘ullanib qoldi, turli buyumlar, kelinlarning zardo‘zi liboslarini tika boshlashdi. Bu jarayon bolalik zavqi vajidanmi yo boshqa sababmi, men uchun juda qiziq va maroqli tuyulardi. Shu bois vaqt topildi deguncha amakimnikiga chopardim.

Uch opa-singil katta opasining buyurtmalari bilan mashg‘ul bo‘lib, ertalabdan kechgacha “do‘kon” (o‘tirib zardo‘zi tikish uchun mo‘ljallangan anjomni shunday deyishardi) ustida o‘tirardi. Ularning oldida tikilib, zavqlanib o‘tiraverib, zar tikishga sal-pal qo‘lim kelishib qolgandi — opalarim biror ish bilan “do‘kon” ustidan turganida men darrov o‘tirib olar, zar ip o‘ralgan dastakchani naqshinkor qog‘ozli maketning u yog‘idan bu yog‘iga o‘tkazib, ba’zan egri, ba’zan to‘g‘ri qilib zar tikar edim. Opalarim bemalol vaqtida o‘rgatar, ba’zan esa “tezroq tugatishimiz kerak, seni qo‘lingga qarab o‘tirolmaymiz”, deb mendan olishardi.

Shu asnoda bolaligimdan zardo‘zlikka biroz bo‘lsa-da oshno bo‘ldim, zar tikishga qo‘lim kelishib qoldi. Jilokor, ko‘zni qamashtiradigan zar iplar lovullab turadigan duxoba ustida bejirim va ko‘rkam zarrin naqshlarni hosil qilib, murg‘ak qalbimni zavqlantirar, qiziqishimni oshirar edi.

Avvallari Buxoro kelinlarining liboslari, sarpa-suruqlarining asosiy qismini zardo‘zi buyumlar tashkil qilardi. Yangi kelinchaklarning ustidagi zardo‘zi liboslar, zardo‘zi oyoq kiyimlar, xonadonlaridagi zardo‘zi so‘zana va yostiqlar, yelpig‘ichlar — hamma-hammasi bolalik taassurotlarimning ajralmas bir bo‘lagi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Vaqt o‘tib, tasavvurlarim kengaygani sari bildimki, zardo‘zlik bolaligimda o‘ylaganimdek oson va jo‘ngina ish emas ekan. Uning o‘ziga yarasha tarixi, sir-asrorlari, mashaqqati, mehnati bor ekan.

O‘zbekiston amaliy bezak san’atida an’anaviy kashtachilikning keng tarqalgan turi hisoblangan zardo‘zlik uzoq tarixiy davrlarga borib taqaladi. Yozma manbalarga va arxeologlarning topilmalariga ko‘ra, zardo‘zlik shahar hunarmandchiligining yetakchi shakllaridan biridir. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro zardo‘zlikning markazi bo‘lgan. Ushbu hunar bilan asosan erkaklar shug‘ullanishgan, oiladagi ayollar esa ularga yordam bergan. Keyinchalik ayollar san’atiga aylangan. XX asrning 90-yillariga kelib bu hunar turi qayta tiklandi. Hozirgi kunda mahobatli shakldagi zardo‘zi buyumlar – mavzuli pannolar, teatr pardalari hamda sovg‘a buyumlar, ignadonlar, ko‘zoynak g‘ilofi, upa-elik sumkachalarini ushbu san’at turiga xos bo‘lgan usullarda bezatish keng rivojlandi.

Prezidentimizning 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan qator vazifalar belgilab berildi. Unga ko‘ra, 2022 yildan boshlab har ikki yilda (may oyida) Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali tashkil etiladi. Ushbu qarorni o‘qib, bolaligimdan mehrim tushgan zardo‘zlik hunari yanada keng ommalashishi, xalqaro miqyosda targ‘ib etilishidan quvondim. Yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlar yana bir ezgu tashabbus, go‘zal tantana bahonasida Buxoroi sharifda jam bo‘lishidan mamnun bo‘ldim.

Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan va soha rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, uning noyob va yo‘qolib borayotgan namunalarini saqlash, qayta tiklash, hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur festival zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqishga xizmat qiladi. Xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish hamda zardo‘zlik va zargarlik namunalarining keng taqdimotini o‘tkazish maydoniga aylanadi. Shuningdek, qarorda har bir hududning tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an’analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu sa’y-harakatlar amaliy bezak san’ati va milliy hunarmandchiligimiz namunasi bo‘lgan zardo‘zlik hamda zargarlikning yanada keng ommalashishi, zamonaviy zardo‘zlikning rivojlanishi hamda o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida bu hunarlarga nisbatan qiziqish uyg‘otishda dolzarb o‘rin tutadi.

Yana bir gap: yuqorida tilga olgan oilaviy zardo‘zi opam hozir negadir tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlariga qarab ketishgan. Kelgusida davlatimiz rahbarining qarori asosida zardo‘zlik yanada rivojlanib, soha fidoyilari qo‘llab-quvvatlanishi opam singari “eski” zardo‘zlarni yangi g‘oyalarga undasa ajabmas. Yana qishloqlarda, chekka hududlarda zardo‘zi qizlar, kelinlar safi ortib, jajjigina qizaloqlarimizning ham go‘zal va nafis hunar turiga mehri tushishi aniq. Zardan ungan go‘zallik, nafis buyumlar qalbimizga, ruhimizga o‘zgacha tarovat ulashishda davom etadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA