Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarbdorlik ishsiz yoshlar ish boshladi, biroq va’da qilingan subsidiyadan darak yo‘q
18:30 / 2021-07-19

Prezidentimiz rahbarligida 2020 yil 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish, bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati Zarbdor tumanida “Yoshlar daftari” shakllantirilgan.

Tumanda “Yoshlar daftari”ga 688 nafar ishsiz, bandligi ta’minlanmagan, moddiy yordamga muhtoj va nogironligi bor yoshlar kiritilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu yoshlarning 681 nafari “Yoshlar daftari” platformasida ish o‘rinlariga joylashtirish, imtiyozli kredit ajratish, tomorqa va dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yer berish, 1+1 dasturi orqali tadbirkorlarni yoshlarga biriktirish, ularning o‘zini-o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalarga subsidiyalar ajratish va ijtimoiy himoyaga muhtoj, sog‘ligida muammosi bor yoshlarga moddiy yordam, davolanishi va dori-darmon uchun mablag‘lar ajratish orqali yoshlar platformasidan chiqarildi.

Tuman bo‘yicha jami “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning 90 nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Shuningdek, 186 nafariga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘ydi, 280 nafardan ortiq yoshga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun yer maydoni ajratildi, 3 nafar yosh “Ustoz-shogird” an’anasi doirasida hunarmandlarga biriktirildi, 52 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi, 57 nafariga moddiy yordam, davolanish va dori-darmon uchun zarur mablag‘lar ajratildi, 5 nafar yoshga haydovchilik guvohnomasining badal pullari to‘lab berildi.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”dagi 2 fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan bo‘lsa, yana 2 nafar zarbdorlik yosh xorijga ishlash maqsadida yo‘l olgan. bugungi kunda “Yoshlar daftari”da 7 nafar yosh qolgan bo‘lib, ularning muammolari tez orada hal qilinib, yoshlar platformasidan chiqariladi.

O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Zarbdor tuman bo‘limidagilar va tumanda “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil qilgan. Biz tumanning eng chekka, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Birlashsak biz katta kuchmiz” deb nomlangan ishlab chiqarish kooperatsiyasi ekin maydoniga yo‘l oldik.  

– “Optimallashtirish” boshlanganidan so‘ng fermerligim qo‘shilib ketdi, – deydi ushbu kooperatsiya rahbari Ixtiyor Mirzabekov. – Yoshlar agentligiga kelib, tuman hokimidan eng chekka hududdan menga dehqonchilik qilishim uchun 5 gektar yer berishlarini, 6 yil fermerlik qilgan bo‘lsam, eng katta daromadni qovundan olganimni aytdim. Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari yordam beradigan bo‘ldi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, olmoqchi bo‘lgan 5 gektar yerga yana 20 gektar qo‘shib, 50 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlarni yonimga olib, kooperatsiya tashkil etishimni taklif qilishdi. Xarajatlar uchun. Bandlikka ko‘maklashish Davlat jamg‘armasidan subsidiya mablag‘lari ajratilishini ma’lum qilishdi.

Ushbu 25 gektar maydonning 5 gektari Ixtiyorga, qolgan 20 gektari 50 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan, ishga layoqatli, band bo‘lmagan yosh yigit-qizlarning har biriga 0,40 gektardan bo‘lib berildi.

“Birlashsak biz katta kuchmiz” ishlab chiqarish kooperatsiyasi rahbari Ixtiyor Mirzabekov hisobidan 25 gektar maydonni shudgor qilindi, o‘q ariq tortilib, 18 gektariga turli navdagi qovun, 7 gektariga ozuqabop makkajo‘xori urug‘i ekildi. Har gektar yerga 100 kilogrammdan azot, 250 kilogrammdan selitra o‘g‘iti berilib, dalaga sharbat qilib sug‘orish uchun yetarli darajada mahalliy o‘g‘it olib chiqildi.

– Avgustning boshida oqqovun, o‘rtalariga borib, jiyani qovun, sentyabrda bo‘rikalla va xullas, qolgan qovun navlari ham noyabrgacha pishib yetilaveradi, – deydi Ixtiyor Mirzabekov. – 0,40 gektardan o‘rtacha 2 ming 500, 3 ming donagacha qovun olsa bo‘ladi. Bu, kamida 25-30 million so‘m degani. Hozirda, eksportyor tashkilotlar bilan mahsulotimizni Tojikiston davlatiga eksport qilish ustida ish olib borayapmiz. Ishning natijasi yaxshi bo‘lsa, ana shu 0,40 gektardan olgan daromadga bemalol bitta yangi avtomobil olsa bo‘ladi.

Ushbu kooperatsiyada mehnat qilayotgan “Temir daftar”ga kirgan Abdulla Elmurodov, Jamshid Ibodov, Habulla Saidazimov, Nilufar Elmurodova bilan uchrashdik.

– Bir necha yil u yurt bu yurtlarda tentirab yurdik, mana o‘zimizda ham ishlab pul topsa bo‘lar ekan, – deydi kooperatsiya a’zolaridan biri Abdulla Elmurodov. – Hosil ko‘paygani sari mehnatda jo‘shqinlik, unum va samara ham ortib boraverar ekan.  

– Kambag‘allikning asosiy sababi ishsizlik ekaniga o‘z hayotimda guvoh bo‘ldim, – deydi Habulla Saidazimov. – Keyingi 4-5 yil ichida band bo‘lmaganlar soni borgan sari kamayib, fuqarolarimizning dasturxoniga qut-baraka kirayapti, qozoni qaynayapti.

– Kooperatsiya tashkil etildi, endi ajratilgan subsidiya mablag‘i har chorakda kooperatsiya hisobiga tushib boraveradi, deyishgandi, – deydi kooperatsiyaning yana bir vakili Jamshid Ibodov. – Hozir hamma xarajatlarni kooperatsiyamiz rahbari Ixtiyor Mirzabekov o‘z hisobidan qilayapti. Bunaqada u ham moddiy qiyinchilikka duch kelishi mumkin. Unda ishimiz ham to‘xtab qoladi.

– Haqiqatdan ham hali Bandlik va mehnat vazirligi qoshidagi jamg‘arma tomonidan umuman mablag‘ o‘tkazib berilmadi, – deydi Ixtiyor Mirzabekov. – Qilingan sarf-xarajatlarim 100 million so‘mga yaqinlashib qoldi. Noumid shayton, berib qolishar.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlar uchun subsidiya mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi jamg‘arma hisobidan ajratilishi lozim. Ammo nazarimizda, Zarbdor tumanida amalga oshirilayotgan yaxshi ishlarning bir chetini kemtik qilib turgan bu holatni, vazirlik qoshida tashkil etilgan jamg‘armadagilar unutib qo‘ygan ko‘rinadi.

Mas’ullar bunga nima deydi?

[gallery-3157]

A.Qayumov,  

J.Yorbekov (surat), O‘zA