Yangi yil bayrami arafasida Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan 36 nafar fuqaroga subsidiya mablag‘lari hisobidan maishiy texnika jihozlari va mehnat qurollari berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan hokim yordamchilarining tavsiyasi bilan tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatlariga kiritilgan fuqarolarga subsidiya asosida 30 ta tikuv mashinasi, 5 ta motokultivator, 1 ta elektr go‘sht qiymalagich va boshqa mehnat qurollari topshirildi.

Ushbu uskunalar fuqarolarni doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida berildi.

Kirib kelayotgan yangi 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida ham oilaviy daromadga ega bo‘lmagan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, band bo‘lmagan yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliy ishlar davom etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA