Jizzax viloyati Zarbdor tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar hudud qiyofasini yangilash bilan birga ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qishning qulay kunlaridan unumli foydalanib, iqlim sharoitiga mos, manzarali va tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari ekilayapti. Ayniqsa, aholi yashash hududlari va yo‘l bo‘ylarida olib borilayotgan ishlar obodonchilik bilan bir qatorda sog‘lom turmush muhitini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislar ko‘chatlarning turi va joylashuvini puxta o‘rganib, har bir niholning barqaror o‘sishi uchun zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmoqda. Sug‘orish, tuproqni yumshatish, hududlarni chiqindilardan tozalash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
E’tiborlisi, bu kabi tashabbuslar nafaqat atrof-muhit musaffoligini ta’minlaydi, balki aholi kayfiyati va hayot sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Yashil makon” doirasidagi ishlar Zarbdorda amaliy natijalar bermoqda — har bir ekilayotgan nihol ertangi sog‘lom va barqaror muhit uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari