Jizzax viloyati Zarbdor tumani markaziy o‘yingohida “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida Navro‘z umumxalq bayrami tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan turli bahoriy taomlar – sumalak, ismaloq somsa, ko‘k chuchvara tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov yig‘ilganlarning diqqat markazida bo‘ldi.


Zarbdor tuman hokimi Zafar Ro‘ziyev tuman aholisini Navro‘z umumxalq bayrami bilan qizg‘in tabrikladi. Bayram tadbirida xalqimizning tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarini aks ettirgan hunarmandlar, kashtado‘zu chevarlar milliy liboslarimizni namoyish etdi. Tuman rahbari, faollar, sayil ishtirokchilari sport maktabi o‘quvchilarining chiqishlari, tuman madaniyat va aholi dam olish markazi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan bayram konsert dasturini tomosha qildi.


Bayram tadbiri davomida milliy xalq laparlari, qo‘shiqlari, aytishuvlari xalq termalari, folklor jamoalarining kuy-qo‘shiqlari qushlar chug‘uriga uyg‘unlashib ketdi. Bolajonlarning bidiiy chiqishlari, ularning sho‘x-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashdi. Navro‘z, yoshlik va barkamollikning naqadar uyg‘unligi bayram tadbirlari ishtirokchilarining ko‘z o‘ngida gavdalandi.
Tumanning barcha mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida Navro‘z sayillari davom etmoqda.


A.QAYUMOV, O‘zA