Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zararsiz oziq-ovqat — sog‘lom kelajak poydevori
17:53 / 2025-05-22

Poytaxtimizdagi 9-umumta’lim maktabida "Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni" munosabati bilan "Oziq-ovqat xavfsizligi: ilm-fanning amaliyotda qo‘llanilishi" mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi, "Eco-Schools Uzbekistan" dasturi hamda "Yosh fermer" loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan yig‘inda oziq-ovqat sanoati mutaxassislari, ilmiy ekspertlar, akademik mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari qatnashdi.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat mahsulotlari zararli bakteriyalar, kimyoviy moddalar, zamburug‘lar yoki parazitlar bilan ifloslanishi oqibatida 200 dan ortiq turdagi kasallik yuzaga kelishi mumkin, ammo ilmiy bilimlar va samarali xavfsizlik choralari orqali ularning oldini olish mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, har yil dunyo bo‘ylab taxminan 600 million kishi yaroqsiz oziq-ovqat iste’moli sababli turli kasalliklarga chalinadi. Ularning 420 ming nafari vafot etadi, shundan 125 ming nafari — 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. 

Forum doirasida maktabning zamonaviy issiqxona ob’ektida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyoti hamda oziq-ovqat xavfsizligi protokollari bo‘yicha “Mahorat darsi” o‘tkazildi.

Ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi ekspertlari va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislardan amaliy mashg‘ulot oldi, bu ularga ta’lim va jamoat muhitida qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘nikmalarni taqdim etadi. Shuningdek, anjuman doirasida interaktiv sessiya, ekspertlar tomonidan ma’ruzalar va ko‘rgazmali taqdimotlar ham tashkil etildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA