Fuqaro Y.A. imtiyozli pensiya tayinlanmagani uchun Ombudsmanga murojaat qildi. U 1998-2021 yillarda patologo-anatomiya byurosida zararli mehnat sharoitida ishlagan bo‘lsa-da, ish joyi attestatsiyadan o‘tmagani uchun pensiya rad etilgan.
Ombudsman tomonidan ishga oid hujjatlar o‘rganilib, fuqaro manfaatida sudga da’vo arizasi kiritildi.
Sud fuqaroning zararli mehnat sharoitida ishlaganlik faktini tasdiqladi. Biroq pensiya tayinlash masalasida mas’ul xodim ish beruvchi tomonidan sug‘urta badallari to‘lanmaganini bahona qilib arizani rad etdi.
Ish beruvchining moliyaviy hisob-kitob yuritishdagi kamchiliklari xodimning pensiya huquqini cheklashi mumkin emas. Shu sababli, tashkilotning tegishli qarorini qonunga xilof, deb topish bo‘yicha ikkinchi marta sudga da’vo arizasi kiritildi.
Sud Pensiya jamg‘armasi qarorini qonunga xilof, deb topib, fuqaroga pensiya tayinlash majburiyatini jamg‘arma zimmasiga yukladi.
Shu tariqa bir fuqaroning zararli mehnat sharoitidagi uzoq yillik mehnat faoliyati uchun imtiyozli pensiya olish huquqi tiklandi.
N.Abduraimova, O‘zA