Chigirtkalar ko‘payishining oldini olish tadbirlari o‘z vaqtida o‘tkazilishi xavfni bartaraf etish yoki uni oldini olishning ishonchli yo‘lidir. Shu bois yurtimiz hududlarida zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlarni o‘tkazish tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
BMT Oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “Kavkaz va Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy darajada chigirtkalarni nazorat qilishni takomillashtirish“ loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi soha mutaxassislari tomonidan har ikki tomonning chegaradosh hududlarida zararli chigirtkalarning rivojlanishini va tarqalgan o‘choqlarini aniqlash bo‘yicha kuzatuvlar o‘tkazish hamda chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish ishlarini samarali tashkil qilish” bo‘yicha rejalashtirilgan maxsus taktik o‘quv seminari o‘tkazildi.
Dastlab, mutaxassislar zararli chigirtkalarning turlari va ularning o‘ziga xos xususiyati, qarshi kurashning samarali usul va vositalari, kimyoviy eritmalarni tayyorlash va ishlatish, xavfsizlik qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilishda quyi davlat tizimi xizmatlari kuch hamda vositalari, maxsus texnikalarni jalb etish, zararli chigirtkalarga qarshi dalaga ishlov berish amaliyoti bajarildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yAY8rqCsuOM" title="Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv seminari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Viloyat chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati tomonidan 13,940 gektar maydonda kuzatuv nazorat ishlari o‘tkazilib, zararli chigirtkalar 2,291 gektar maydonda tarqalgani aniqlanib, 2,30 gektar maydonda ularga qarshi kimyoviy kurash ishlari olib borildi. Qarshi kurashish ishlari xizmat mutaxassislari va tegishli tashkilotlar hamkorligida uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA