Qoraqalpog‘iston Respublikasida zararkunanda chigirtkalarga qarshi “Dolzarb 20 kunlik” tadbiri e’lon qilindi. Bu haqida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mutaxassislar kuzatuviga ko‘ra, bu yil chigirtkalar soni o‘tgan yildagiga nisbatan ko‘p. Shu bois "o‘choqlar" aniqlangan hududlarda qarshi kurashishni kuchaytirish, zarur texnika bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Chigirtka tarqalgan maydonlarda chodirlar qurilib, kun davomida tezkor ma’lumot berib borish yo‘lga qo‘yilgan.


Qoraqalpog‘iston Respublikasida kimyoviy ishlov berish rejalashtirilayotgan maydon 112 ming gektarni tashkil etadi. Bu ishlarga 11 ta otryad hamda 115 dona texnika jalb etilgan. Hududlarda tashkil etilgan tezkor shtablar "dolzarb 20 kunlik" doirasida 24/7 rejimida ish olib boradi. Sifatli kuzatuv olib borish uchun hududlararo monitoring kuchaytiriladi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda kunlik ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish belgilandi.


Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida chigirtkalarning rivojlanishi va tarqalishi uchun qulay bo‘lgan 3 million gektardan ortiq yer maydoni mavjud. O‘tgan yilgi kuzgi kuzatuv natijalariga ko‘ra, 112 ming gektar yer maydonida chigirtkalar tomonidan tuxum qo‘yilgani aniqlangan. Hozirda 869,6 ming gektar maydonda kuzatuv-nazorat ishlari olib borilgan, 503,2 ming gektar maydonda kimyoviy kurash chora-tadbirlari o‘tkazilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri