Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarafshonda oliy ta’lim imkoniyatlari yanada oshdi
18:00 / 2026-02-13

So‘nggi yillarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, muhandis kadrlarni tayyorlash, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi asosida talabalar amaliyotini kombinat bo‘linmalarida olib borish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha mustahkam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Prezidentimizning 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining Zarafshon fakulteti tashkil etildi. Kuni kecha Zarafshon shahrida ushbu fakultetning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

– Zarafshon fakultetida ta’lim jarayoni dual tizimi asosida konchilik ishi, metallurgiya, konchilik elektr mexanikasi, texnologik mashinalar va jihozlar yo‘nalishlari bo‘yicha tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borilmoqda, – deydi NDKTU Zarafshon fakulteti dekani Nurbek Polvonov. – Fakultetimizda universitetning yuqori kurslarida o‘qiyotgan, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida doimiy yashaydigan 500 nafardan ortiq talabasi ta’lim olib, mazkur hududlarda joylashgan sanoat korxonalari, shu jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalarida ishlab chiqarish va bitiruv ishi oldi amaliyotlarini o‘taydi. Bundan talaba-yoshlarimiz mamnun va kelgusida yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqishga intilmoqda.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Zarafshon shahar hokimligi hamkorligida fakultet binosi qayta ta’mirlandi. O‘quv xonalari zamonaviy jihozlar, kompyuter texnikasi va o‘quv materiallari bilan to‘ldirildi. Yangi ta’lim maskani Zarafshon, Uchquduq va Tomdi aholisi uchun oliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Aziza Irisova,

“NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi muxbiri.

O‘zA