Barcha sohalar bo‘lgani kabi maktabgacha ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi sezilarli darajada oshmoqda. Xususan, Navoiy viloyati Zarafshon shahrida bu boradagi ko‘rsatkich yuz foizga yetdi.
bugungi kunda hududda mavjud 38 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 7 ming 147 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda.
O‘tgan yili hududda bir qancha yangi MTT foydalanishga topshirildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati homiyligida 31 milliard 600 million so‘m mablag‘ evaziga 72 o‘rinli “Umid” nomli reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTT qurilgan bo‘lsa, “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida umumiy loyiha qiymati 3,9 milliardga teng 11-sonli davlat MTTning qad rostlashi, bitta bog‘cha mukammal, 4 tasi joriy ta’mirdan chiqarilishi qamrov darajasini oshirish imkonini berdi.
[gallery-10774]
Barcha MTTda o‘zbek tilini o‘rgatish bilan birga ingliz va rus tillari ham mukammal o‘rgatilmoqda. Kundalik mashg‘ulotlardan tashqari shaxmat-shashka, badiiy gimnastika kabi to‘garaklar ham faoliyat ko‘rsatadi. Bularning bari pirovardida bolajonlarning sifatli boshlang‘ich ta’lim olishi, har tomonlama sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA