Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarafshon tajribasi viloyat bo‘ylab joriy etiladi
10:18 / 2025-12-03

Zarafshon shahrida Navoiy viloyatida maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 6-7 noyabr kunlari viloyatga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida o‘tkazildi.

“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bir kunlik faoliyati” mavzuidagi seminarda shahar va tumanlardan kelgan muassasa direktorlari, metodistlar, pedagoglar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga Zarafshon shahrida yo‘lga qo‘yilgan bir qator ilg‘or tajribalar erta rivojlantirish bo‘yicha metodik yondashuvlar, ta’lim-tarbiya jarayonini rejalashtirish tizimi, ota-onalar bilan ishlashning zamonaviy shakllari va bolalarga mos pedagogik texnologiyalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tajribalarni viloyat miqyosida bosqichma-bosqich joriy etish maktabgacha ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, bolalarning kun davomida faol va mazmunli mashg‘ulotlarga jalb etilishi, pedagoglar yuklamasining samarali taqsimlanishi, shuningdek, muassasa faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikning ta’minlanishi kutilyapti.

Tadbir davomida seminar ishtirokchilari amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, bir kunlik ta’lim-tarbiya jarayonining namunaviy modeli bilan tanishdi. Shuningdek, hududlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘z hududlarida Zarafshon tajribasi asosida ilg‘or metodik va tashkiliy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha vazifalarni belgilab oldi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri