Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, viloyat hokimligi va O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Xalqaro gastronomik festival qizg‘in davom etmoqda.
Festival ishtirokchilari tomonidan tayyorlanayotgan milliy va dunyo xalqlari taomlari hakamlar tomonidan baholanib, eng mohir oshpazlar e’tirof etilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatidagi "Zarafshon", Samarqand shahridagi "Registon" restoranlari jamoalari tomonidan tayyorlangan taomlarni hakamlar alohida e’tirof etdi.
[gallery-9063]
– Olti yildan buyon ushbu faoliyat bilan shug‘ullanamiz, – deydi "Zarafshon" restorani ish yurituvchisi Sevara Odilova. – Milliy taom yo‘nalishida osh, Yevropa taomlari bo‘yicha losos balig‘ini pishirdik. Taomlarimiz ma’qul bo‘lgan shekilli, hakamlar hay’ati Turkiyada o‘tadigan xalqaro gastronomik festivalga taklif etdi. Nasib etsa, ushbu festivalda ham munosib ishtirok etib, yurtimiz milliy taomlari dovrug‘ini butun dunyoga taratishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Festivalning dastlabki kunida faol qatnashgan ishtirokchilar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA.