Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zarafshon kapital” poyabzallari
15:18 / 2016-04-19

Navoiy shahridagi “Zarafshon kapital” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan poyabzallar arzon va pishiqligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Navoiy shahridagi “Zarafshon kapital” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan poyabzallar arzon va pishiqligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imtiyozlar yaratish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini yanada kengaytirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida yalpi ichki mahsulotda ushbu tarmoqning ulushi tobora oshmoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Navoiy viloyatida 2015-yilda 796 yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi va uning sanoatdagi ulushi 14,8, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 37,1 foizga yetdi. Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 501,2 milliard so‘m kredit ajratildi.

– Joriy yil boshida viloyatdagi ichki talab va imkoniyatni puxta o‘rganib, 100 dan ortiq turdagi sport poyabzali va boshqa oyoq kiyimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi “Zarafshon kapital” korxonasi rahbari Shuhrat Savurov. – Bunda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankning viloyat bo‘limidan olingan 200 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i qo‘l keldi. Xorijdan zamonaviy uskunalar keltirib, o‘rnatdik.

Ishning ko‘zini bilgan tadbirkor imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, kam bo‘lmadi. Ishlab chiqarishda yangilik qilib, mahalliy mahsulotlar ko‘lamini kengaytirdi. Ayni paytda 30 ishchi mehnat qilayotgan korxonada yiliga 100 ming juft poyabzal ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Tadbirkor kelgusida sport inventarlari va koptok ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Bu qo‘shimcha 30 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Mahsulotlar eksporti borasida ham izlanishlar olib borilmoqda.