French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zarafshon archasi kushandalari jazolandi
15:18 / 2022-10-15

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Xo‘jaydod mahallasida yashovchi fuqaro Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining "Ishonch telefoni"ga murojaat etib, tog‘da o‘suvchanligini yo‘qotmagan Zarafshon archalari tag qismidan ayovsiz kesilganini xabar qilgan.

Mazkur murojaatga asosan Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmalari xodimlari ishtirokida maxsus guruh tuzilib, aytilgan manzilda o‘rganish olib bordi.

Tadbir chog‘ida Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligining Olachapon o‘rmon bo‘limiga qarashli 2-aylanma, 7-kvartaldan yaylov sifatida foydalanib kelayotgan ijarachi I. Sh. bog‘ni o‘rash maqsadida shu hududda o‘suvchanligini yo‘qotmagan har xil diametrdagi 14 tup Zarafshon archasini tag qismidan kesib olgani aniqlandi.

Holat yuzasidan hudud o‘rmon qorovuli O.N va ijarachi I.Sh ning har biriga O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida" gi kodeksi 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan ma’muriy jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 13 million 500 ming so‘m zarar belgilandi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatining xabar qilishicha, ayni paytda jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA