Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zara, Pull & Bear, Bershka kompaniyasi egasi O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini o‘rganmoqda
11:46 / 2022-06-10

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Ispaniyaning INDITEX kompaniyasining Ijtimoiy barqarorlik direksiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy qiymati 20 milliard dollarga yaqin aktivlarni boshqaradigan INDITEX kompaniyasi tarkibiga ZARA, Bershka, Massimo Dutti, Pull&Bear va boshqa eng mashhur to‘qimachilik brendlari kiradi.

Uchrashuv chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, paxtani yetishtirish va qayta ishlashga yangi “Klaster” yondashuvini joriy etish, paxtani yetishtirish va hosilini yig‘ishda bolalar va majburiy mehnatga barham berish, eco-friendly kiyimlarni ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarini davlat tomonidan tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomini olgani, shuningdek, Cotton Campaign Xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot bekor qilingani haqida so‘z bordi. Tomonlar mamlakatda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar, tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekistonda kompaniyaning investitsiyaviy portfelini kengaytirish istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillariga to‘qimachilik sohasidagi o‘zbek korxonalarini jahon miqyosidagi ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlariga jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimachilik kompaniyalari va paxta-to‘qimachilik klasterlarining salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan choralar, tarmoq korxonalarida ishchilar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhit va iste’molchilarga zararli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda O‘zbekistonda kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini batafsil muhokama qildi. To‘qimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini o‘rganish, bozor imkoniyatlarini baholash hamda amaliy hamkorlikning boshqa jihatlari ustida ish olib borish ham rejalashtirildi.

O‘zA