Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zangiotadagi shifoxona ertadan koronavirusga chalingan fuqarolarni qabul qila boshlaydi
12:15 / 2020-07-05

Toshkent viloyati Zangiota tumanida koʻp tarmoqli maxsus shifoxona zamonaviy talablar asosida qurib bitkazilmoqda.


Toshkent viloyati Zangiota tumanida koʻp tarmoqli maxsus shifoxona zamonaviy talablar asosida qurib bitkazilmoqda.

Loyihaga koʻra, 33 gektar maydonda 2 ming oʻringa moʻljallangan bir qavatli 4 ta blokdan iborat maxsus shifoxona barpo etilmoqda. Har bir blokda 5 ta davolash korpusi, shu jumladan, 3 ta statsionar boks, 1 tadan jonlantirish va jarrohlik boʻlimi qurilmoqda.

Ayni kunlarda qurilish ishlarining birinchi bosqichi, yaʼni 1000 oʻringa moʻljallangan qismi tayyor va ertadan, 6-iyul kuni bemorlarni qabul qilishni boshlaydi.

Shu munosabat bilan sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jurnalistlarni maxsus shifoxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirdi.

5.jpg

8.jpg

Shifoxona kompleksi yengil konstruksiyali, izolyatsiya qilingan sendvich panellarni qoʻllagan holda, energiya tejamkor texnologiyalar asosida qisqa muddatda qurildi. Eng soʻnggi zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlandi.

Taʼkidlanishicha, shifoxona qogʻozbozlik amaliyotidan voz kechgan. Barcha ishlar “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimi orqali amalga oshiriladi.

9.jpg

21.jpg

– Butun dunyoda COVID-19 infeksiyasi tarqalganidan keyin juda koʻp mamlakatlarning sogʻliqni saqlash tizimi shokka tushdi, – dedi A.Shodmonov. – Chunki biz bu kasallikka tayyor emas edik. Nafaqat yurtimiz, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida bunchalik koʻp bemorlarga moslashgan shifoxona yoʻq edi. Shuning uchun majbur boʻlib oddiy shifoxonalarni ham yuqumli kasalliklarga moslashtirdik. Koronavirusga chalingan bemorlar uchun Toshkent shahrida bir nechta, viloyatlarda esa ikkitadan shifoxona moslashtirildi. Lekin ularda boshqaruv nuqtayi nazaridan hamda tezkor yordam koʻrsatishda muammolar bor edi. Mazkur shifoxonada esa yuqoridagi muammolarga barham berildi. Masalan, koronavirusga gumon qilingan bemorning tishi ogʻrib qolsa, u shu yerning oʻzida tashkil etilgan stomatologiya boʻlimiga murojaat qiladi. Ayollar uchun alohida akusherlik va ginekologiya boʻlimlari mavjud. Bir soʻz bilan aytganda, koronavirusga chalingan bemor yoki kasallikka gumon qilingan fuqarolarga markazlashgan holda tibbiy yordam koʻrsatiladi.

Maxsus shifoxona magnit rezonans tomografi, raqamli rentgen apparati va zamonaviy UZI diagnostika apparati hamda gemodializ kabi apparatlari bilan jihozlangan.

Koronavirus infeksiyasi aksariyat mamlakatlarda shifoxona ichidan tarqalayotgani aniqlangan. Maʼlumki, infeksiya havo tomchilari, maishiy muloqot orqali yuqadi. Fuqarolar karantin davrida yoki shifokorlarning ham ushbu kasallikka chalinishida binodagi havo almashtirish tizimi notoʻgʻri oʻrnatilgani, bemorlarning umumiy ovqatlanish, yuvinish joyi bitta boʻlgani sabab qilib koʻrsatilmoqda.

27.jpg

Zangiota tumanidagi maxsus shifoxonaning har bir boʻlimi va palatasida toza havo tizimi oʻrnatilgan. Avval bu tizim faqat operatsiya xonalariga oʻrnatilgan edi. Xonalarning pol qismi antibakterial qoplama bilan qoplangan. Bundan tashqari, har bir boksda bemorlarga ovqatlanish, yuvinish uchun sharoit yaratilgan. Tez yordam mashinasida kelgan bemor toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz palatasiga joylashtiriladi. Tez yordam mashinalari shifoxonadan chiqib ketayotganda dezinfeksiya qilinadi. Shifoxona hududida vertolyot qoʻnishi uchun ham sharoit bor.

– Statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom, – dedi A.Shodmonov. – Biridagi havo boshqasiga oʻtmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat koʻrsatish ham alohida. Har bir xonada bemor foydalanishi uchun signal tugmasi, kislorod berishga zarurat tugʻilsa maxsus tizim oʻrnatilgan. Bemorlarga ovqat maxsus tuynik orqali uzatiladi. Shifokorlar zarurat boʻlmaganda bemor yotgan boksga kirmaydi. Barcha korpuslar, boʻlinmalar toza va notoza yoʻlaklar bilan ajratilgan. Toza yoʻlakdan faqat tibbiy personal oʻz vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chogʻida sanitar oʻtkazgichlar orqali oʻtadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq boʻlganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi.

Muassasaning 72 oʻrinli reanimatsiya boʻlimida har bir koyka oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu boʻlimni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha jihozlash ham mumkin. Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan soʻriladi. Natijada doimiy sterillik taʼminlanadi.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya boʻyicha eng ilgʻor apparatlar oʻrnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda oʻrtacha 40 kishiga tashxis qoʻysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega.

Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng kelgusida koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasi sifatida faoliyat yuritadi.

Shifoxonadan bir nechta maqsadlarda foydalanish koʻzda tutilgan. Xususan, zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy koʻriklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi hamda davolashning taʼsirchan usullari muhokama qilinadi. Tibbiyot oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilariga malaka oshirish uchun maxsus klinik baza platformasi sifatida xizmat qiladi.

Malakali davolash bilan birga zamonaviy teletibbiyot texnologiyalari asosida hududlarda ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlar tashkil etiladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalar amalga oshiriladi.