Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zangiotada yurtimiz polvonlari O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda
11:26 / 2025-02-20

Milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tkaziladigan har qanday ko‘rinishdagi musobaqa hamisha muxlislar e’tiborini tortgan.

Kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Milliy gvardiya” sport majmuasida boshlangan O‘zbekiston kubogi bahslarida ham shu hol kuzatildi. Bellashuvlarni tomosha qilish, o‘z sportchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun Surxonu Qashqadaryo, Buxoroyu Xorazmdan kelgan ishqibozlar ilk kungi bahslarning shiddatli o‘tishini ta’minladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Polvon borki, ishqibozlar qo‘llovidan, daldasidan kuch va ma’naviy ko‘mak oladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Mamlakat kubogining dastlabki kunida erkaklar 60, 66, 73 kilogrammda, ayollar esa 48, 52, 57 kilogrammda g‘oliblik uchun bellashdi.

Shiddatli o‘tgan bahslarda Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent, Sirdaryo va boshqa viloyatlar sportchilari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston kubogining ochilish tantanalarida, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimlarida ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari N.Halilov, Jamoat xavfsizligi universiteti rektori M.Rustamboyev, mamlakat kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari U.Umarov xalqimizga xos bo‘lgan mardlik, jasurlik, vatanparvarlikni o‘zida aks ettira olgan milliy sportimiz kurashni ommalashtirishda bu kabi musobaqalar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Aytish lozim, o‘tkazilayotgan musobaqada erkaklar va ayollar 16 vazn toifasida bahs olib bormoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan sara polvonlar yakkalik va jamoaviy bellashuvlarda O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda.

Musobaqa 21 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA