Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi fransiyaliklarda qiziqish uyg‘otdi
10:00 / 2021-04-06

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Fransiya delegatsiyasini qabul qildi.

Vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, tashrif doirasida vazir Fransiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfey, JSSTning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi, “AR-NR International” assotsiatsiyasi rahbari Dide Ussen, Fransiya sog‘liqni saqlash vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi, “AR-NR International” assotsiatsiyasining yetakchi konsultanti Dominik Delpe hamda mamlakatimizdagi nufuzli fransuz farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.  

Uchrashuv doirasida yurtimizdagi qator tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv menejmenti va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishda fransuz tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tibbiyotga raqamli texnologiyalarni joriy etishda Fransiya tajribasini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida mehmonlar Fransiyaning “AR-NR International” assotsiatsiyasi mutasaddilari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Ayniqsa, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyati chet ellik mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. Bu muassasalarning tibbiy imkoniyatlari va ularda yaratilgan sharoitlar fransuz mutaxassislarida iliq taassurot qoldirdi.

“AR-NR International” assotsiatsiyasi Parij shahridagi 32 ta yirik markaziy shifoxonaning xalqaro faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot bo‘lib, 100 ming nafar tibbiyot xodimlarini o‘zida qamrab olgan. Shu paytgacha Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida yirik loyihalarni amalga oshirgan.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Fransiya bilan hamkorlikda 151 nomdagi dori-darmon, 22 turdagi tibbiy asbob-uskuna, 17 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi.

                                                                                                                                                

Mohigul Qosimova, O‘zA