French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zangiota tumani sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi
22:25 / 2019-08-24

Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi.


Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Sudyalar oliy kengashi raisi U.Mingboyev, viloyat va tuman sektor rahbarlari, sudlari raislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda sudlar mustaqilligini taʼminlash va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ilgari jazolovchi sifatida qaralgan organni inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiluvchi, jamiyatdagi demokratik oʻzgarishlarning muhim vositasi boʻlgan institutga aylantirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Sudlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, nufuzini, odamlarning sudlarga nisbatan ishonchini oshirishda Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari muhim dasturilamal boʻlayotir.

– Joriy yilda 42 ta sudlar uchun 18 ta yangi bino qurish, 8 ta sud uchun esa 6 ta binoni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan, – deydi Oliy sud raisi K.Komilov. – Ayni paytga qadar shundan 16 ta tuman sudlari uchun 7 ta yangi bino qurilib, 6 ta bino rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, yil yakuniga qadar 13 milliard soʻmlik fond mablagʻlari hisobidan 140 ta sud binosi kapital taʼmirlanadi.

Zamonaviy va milliy meʼmorchiligimizni uygʻunlashtiruvchi 2 qavatdan iborat muhtasham Zangiota tumani sudi binosida barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, binoga mamlakatimizda birinchilardan boʻlib elektron tablo oʻrnatilgan. Elektron qurilma orqali fuqarolar sud tomonidan chiqarilgan yakuniy sud hujjatlari bilan tanishish, ulardan nusxa olishi mumkin. Shuningdek, mazkur qurilma sudlarga elektron murojaat qilish, sud jarayoni haqida maʼlumot olish, jarayonni onlayn kuzatish kabi qulayliklarni yaratadi. Bu sudlar ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, odamlarning vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Binoda shuningdek, zamonaviy talablarga muvofiq keluvchi sud zallari, maslahatxona, advokat va prokurorlar uchun xona, binoga keluvchilar uchun kutubxona va kutish zali oʻrin olgan. Sud jamgʻarmasining qoʻshimcha 130 million soʻmlik mablagʻi hisobidan eng zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalari bilan taʼminlangan. Loyiha qiymati qariyb 5 milliard soʻm boʻlgan bino “Geo stroy prestij” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi R.Xolmatov ishtirok etdi.