Toshkent havosining musaffoligi uchun kurash ketayotgan bir vaqtda Zangiota tumanining ayrim hududlaridagi issiqxonalarda isitish qurilmalari talabga javob bermasligi ortidan atmosfera ifloslanishi holatlari aniqlanmoqda.
Masalan, “Harakat” MFY hududidagi mana bu issiqxonada havo filtrlari o‘rnatilmaganligi sababli atmosferaga zararli moddalar chiqayotgani ekolog inspektor tomonidan ta’kidlanmoqda.
Ma’lum bo‘lishiga tadbirkor issiqxonaga ekish uchun olib kelingan pomidor ko‘chatlarini asrab qolish maqsadida muqaddam faoliyati to‘xtatilgan eski rusumdagi pech qurilmani yana qayta ishga tushirgan. Bu holat bo‘yicha ogohlantirilgan, lekin uning aytishiga qaraganda pechni ishlatishga majbur bo‘lgan. Fuqaro tez kunda kamchiliklarni bartaraf etishga va’da berdi.
Ikkinchi holatda “Ahmad Yassaviy” mahallasida fuqaro elektr energiyadan tejash uchun havoni filtrlash uskunasini o‘chirib qo‘ygan. Natijada qoramtir zaharli tutunlar poytaxtga qarab yo‘nalmoqda. Bu holatda ham fuqaroni joyiga chaqirib, kamchiliklar bartaraf etildi, ogohlantirildi va jarima choralari qo‘llanildi. Bunday holat qayta takrorlanmasligiga tadbirkor va’da berdi.
Albatta, tadbirkorlik faoliyati kerak, lekin elektr energiyadan tejash evaziga qanchadan-qancha insonlar salomatligini xavf ostiga qo‘yish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Issiqxona egasi Kozim Kamolovga nisbatan shu yerning o‘zida ma’muriy bayonnoma tuzildi.
Bugungi kunda havoning yuqori darajada ifloslanishiga qarshi barcha shahar va tumanlarda maxsus komissiya hamda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari hamkorligidagi reyd tadbirlari davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wKk9EvKSkD8" title="Zangiota tumani issiqxonalarida tungi ekoreydsi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA