Dunyo bolalari ovqatlanish bo‘yicha bir xil imkoniyatga ega emas. Biri nonushta qilib maktabga shoshilsa, boshqasi och qoringa ta’limga kirayotgan bo‘lsa ajab emas. Sog‘lom taom esa nafaqat o‘sayotgan organizm, balki butun jamiyat kelajagining eng asosiy kafolatidir. Shu bois, har yili dunyo hamjamiyati 16 oktyabrni — Butunjahon oziq-ovqat kuni sifatida nishonlab, oziq-ovqat xavfsizligi, to‘yib ovqatlanmaslik va to‘g‘ri, sifatli hamda barqaror ovqat tizimlariga e’tibor qaratadi.

Xususan, bugun Zangiota tumanidagi 13-maktabda aynan shu g‘oya doirasida bolalar, ota-onalar va mutaxassislarni birlashtirgan noodatiy, qiziqarli va mazmunli ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir maktablarda sifatli va sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish maqsadida, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Sanepidqo‘mita hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida, “Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak” shiori ostida tashkil etildi.

O‘zbekistonda bolalar ovqatlanishi qat’iy sanitar me’yorlar asosida yo‘lga qo‘yilgani aytib, Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi — Aqida Nosirova shunday deydi:

«Maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida bolalar ovqatlanishi davlat tomonidan belgilangan sanitariya qoidalari va normalari asosida tashkil etiladi. Mazkur hujjatlarda sog‘lom ovqatlanish tamoyillari qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lib, fast-fud, zararli moddalar yoki bolalar salomatligiga xavf soluvchi mahsulotlarni ta’lim muassasalari xududiga kiritish mutlaqo taqiqlangan.
Bugungi kunda ushbu me’yorlarni o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasida yanada keng targ‘ib qilish ishlari olib borilmoqda. Maktablarda sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, uning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha maxsus o‘quv-ta’lim tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, biz bolalarga faqat to‘g‘ri ovqatlanishni emas, balki ovqatlangandan so‘ng bir martalik plastik idishlarni to‘g‘ri utilizatsiya qilish, atrof-muhitni asrash va chiqindilarni zararsiz tarzda tashlash madaniy ko‘nikmalarini ham o‘rgatishimiz kerak. Sog‘lom ovqatlanish va ekologik madaniyat barcha ta’lim muassasalarida bir-biri bilan bog‘liq holda yo‘lga qo‘yilmoqda», — deydi mutaxassis.

Tadbirda tashkilotchilar so‘zga chiqib, bolalarning ovqatlanish tartibi ularning jismoniy rivoji, diqqat, xotira va o‘quv natijalariga qanday ta’sir qilishi mumkinligini batafsil tushuntirib berishdi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, sog‘lom ovqatlanish odatlari erta yoshda shakllantirilsa, kelajakda salomatlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning oldi olinadi.
Ishtirokchilarga bu yuzasidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tayyorlangan qisqa videoroliklar namoyish etildi, unda barqaror oziq-ovqat tizimlari va ekologik mas’uliyat haqida sodda va tushunarli misollar keltirilgan.

O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Sog‘lom va ekologik barqaror ovqatlanish bo‘yicha eng yaxshi retsept” tanlovi tadbirga yanada qizg‘in tus berdi: turli sinflardan tuzilgan jamoalar o‘z g‘oyalari bilan sahnaga chiqib, foydali, arzon va ekologik toza taomlarini taqdim etdilar.
Har bir jamoa taom nomi va shiorini ijodiy tarzda tanishtirib, mahsulotlarning foydasi va ekologik jihatlarini tushuntirdi va iste’moldan tortib, tayyorlash jarayonigacha bo‘lgan bosqichlarni asoslab berdi.
Ularning tushuntirishicha, ba’zi retseptlar mahalliy mahsulotlarga asoslangan bo‘lsa, boshqalari oziq-ovqat isrofi va chiqindilarni kamaytirishga doir ilg‘or g‘oyalarni o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida o‘quvchilar “To‘g‘ri ovqatlanib — sayyorani asra!” nomli viktorinada ham qatnashdilar va “Sog‘lom ovqatlanishning 12 tamoyili”, “Xavfsiz ovqatlanishning 5 kaliti”, “Ekologik do‘stona xulq-atvorning 5 qoidasi” kabi qo‘llanmalar asosida tuzilgan savollar bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Eng yaxshi jamoalar e’lon qilindi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Maktab hovlisida tashkil etilgan kichik ko‘ngilochar dastur, raqslar va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mini-viktorinalar tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Butunjahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tashabbus nafaqat mahalliy miqyosda, balki global maqsadlar bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekistonda sog‘lom avlod tarbiyasiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4mgevpWW3BY" title="Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak garovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA