Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida miniatyurachi rassom Xayriddin Muhiddinovning “Zamonlar osha” nomli ilk shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning 50 dan ortiq eng sara ijodiy asarlari namoyish qilindi.
Xayriddin Muhiddinov 1971 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. P. Benkov nomidagi Respublika badiiy bilim yurtining “Grafika” bo‘limida tahsil olgan.

1991 yildan boshlab “Usto” birlashmasida miniatyurachi rassom sifatida ish boshlagan. 2001 yildan erkin ijod qiladi. O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
Tadbirda qayd etilganidek, rassomning asarlari respublikamizning Temuriylar tarixi davlat muzeyida, K.Behzod nomidagi Sharq miniatyura muzeyida saqlanadi. Juda ko‘plab xorijiy davlatlarda, jumladan, Fransiya, Angliya, AQSH, Rossiya mamlakatlarining shaxsiy kolleksiyalaridan asarlari joy olgan.

Shuningdek, “Ipak yo‘li” nomli asari Anqara Milliy muzeyida saqlanadi. Ko‘rgazmada rassomning turli yillarda yaratgan miniatyura asarlari tomoshabinlarga taqdim qilingan. Uning “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun", “Bobur – Afg‘onistonda”, “Jaloliddin Xorazmshox”, “Chingizxon va Ulamo” kabi asarlari san’at ixlosmandlarini zamonlar bilan to‘qnashtiradi va hozirgacha saqlanib kelayotgan madaniy meros xazinalari bilan boyitadi.

Milliy qadriyatlarimiz aks etgan “So‘zana”, “Uchar gilam”, “Kelin”, “Yeski hovli” kabi asarlarida miniatyuraning eng nozik va qiyin uslublaridan foydalanilgan.

Rassom bir necha yillardan beri zamonaviy miniatyura uslubida izlanish olib boradi. Zamonaviy miniatyuraning an’anaviy miniatyuradan farqi shundaki, u rangtasvirga yaqin ishlanadi, hajm tomondan kattaroq, yorqin ranglardan ko‘proq foydalanish orqali tomoshabinni yanada jalb qilish, qolaversa, voqelikni yorqinroq aks ettirishdir. Rassom izlanishlar natijasida faqatgina har xil ranglardan emas, balki bronza, oltin kabi qimmatbaho buyumlardan ham foydalana olgan.
Ko‘rgazma 2026 yil 4 yanvargacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA