Guliston tumani markazida yoshlarning bandligini ta’minlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida zamonaviy Yoshlar markazi barpo etiladi.
Ayni kunlarda ushbu loyiha doirasida tuman markazida joylashgan sobiq Adliya bo‘limi binosida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
– Mazkur ob’ekt negizida tashkil etiladigan Yoshlar markazida o‘quv markazi, IT park hamda zamonaviy kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan, – deydi tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Chelibayev. – Yangi markaz yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 800 million so‘mni tashkil etib, qurilish-ta’mirlash ishlarini “Charos nur baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati amalga oshirmoqda. Bino to‘liq yangilanib, zamonaviy infratuzilma hamda texnik jihozlar bilan ta’minlanadi.
– Rekonstruksiya jarayonida binoda ichki va tashqi ta’mirlash ishlari, muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash, shuningdek, yoshlar ehtiyojlariga mos dizayn yechimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi hokim o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun yana shuni aytish mumkinki, mazkur Yoshlar markazini foydalanishga topshirish joriy yilning may oylariga rejalashtirilgan. Uning ishga tushirilishi Guliston tumani yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ta’lim va o‘zini rivojlantirish borasida muhim maskanga aylanishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA