Sifatli yo‘llar har qanday jamiyat taraqqiyotining muhim asoslaridan biri hisoblanadi.
Ular nafaqat odamlarning bir joydan ikkinchi joyga qulay va xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydi, balki iqtisodiy rivojlanish, savdo-sotiqning kengayishi, turizmning o‘sishi hamda aholi turmush darajasining yaxshilanishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Yaxshi yo‘llar vaqt va xarajatlarni tejaydi, transport harakatini samarali tashkil etadi va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi. Shu bois sifatli yo‘llarni qurish va ularni muntazam ta’mirlab borish har qanday davlat uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar taqdim etdi.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan avtomobil yo‘llarining texnik holatini yaxshilash va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida kunlik amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Tomdi tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tuman hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida aniqlangan nuqsonlar maxsus freza texnikasi yordamida kesib olinib, belgilangan tartibda bartaraf etilmoqda. Mazkur ishlar yo‘l qoplamasining sifatini tiklash hamda transport vositalarining xavfsiz va uzluksiz harakatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Konimex tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan hududdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida ogohlantiruvchi ustunchalarni o‘rnatish, yo‘l chet qismini tekislash va mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu ishlar yo‘l infratuzilmasini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va yo‘llarning uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlashga qaratilgan.
Xo‘sh, bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasi qanday?
Mutaxassisga ko‘ra, Qorao‘zak va Beruniy tumanlari hududidan o‘tuvchi A380 "G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu" avtomobil yo‘lining 673–698-km (25 km) qismini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish belgilangan. Hozirda mazkur uchastkada qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Amudaryo tumani hududidagi D217A “Jumurtov koni orqali — Amudaryoga” avtomobil yo‘lining 0–3,6- km qismida ham asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ishlar Amudaryo tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyati Xonqa tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi (TYFKDM) tomonidan D 213 “Urganch sh.-Xonqa sh.-Hazorasp sh.-Amudaryo daryosi-A 380” avtomobil yo‘lining 16–17-kilometr qismida rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Mazkur hududda yo‘l qoplamasida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilib, asfalt qoplamasi tiklandi hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlar bajarildi.
Olib borilgan ishlar natijasida haydovchilar hamda yo‘lovchilar uchun yanada qulay va xavfsiz harakatlanish sharoiti yaratildi. Bundan tashqari, Urganch tumanidan o‘tgan D 217 “Urganch sh. – Gurlan sh. – Mang‘it sh. – Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 5–15-kilometrlar oralig‘ida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Urganch tumani Yo‘llardan foydalanish DM tomonidan mazkur hududda yo‘l qoplamasidagi chuqurlar va yoriqlar bartaraf etildi, asfalt-beton qoplamasi tiklandi hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Joylarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida olib borilayotgan islohotlar Sirdaryo viloyatida ham amalda aks etmoqda. Yo‘lovchilarning uzoq yillardan buyon o‘ylantirib kelayotgan avtomobil yo‘llaridagi masalalariga bugun yechim topilayapti. Ana shunday manzillardan biri Oqoltin tumani hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi A373a avtomobil yo‘lidir. Yo‘lsozlarning mehnati tufayli hozirda yo‘lning 93-96-km oralig‘ida ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.
Namangan viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi hamda uning tarkibidagi korxonalar tomonidan davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida qatnov yo‘lining zararlangan qismlarini bartaraf etish ishlari jadal tusda davom etmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad haydovchi, piyodalarning xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlashdan iborat.
Pop tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan davlat ahamiyatidagi D 114 (4R 121) “Kosonsoy sh.– Rovot q.– Chust sh.– Chust TYB – Pop TYB – Pop sh. – Navbahor sh”avtomobil yo‘lining 74–75-kilometrlari oralig‘ida avtomobil yo‘lining zararlangan qismlariga asfalt bosib, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, mahalliy ahamiyatdagi 50V 120 “Uyg‘ur q.– Mozor q” avtomobil yo‘lining 1-kilometr qismida “Shimoliy Farg‘ona kanali” ustida joylashgan ko‘prikda ham fuqarolar va avtomashinalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida asfalt bosib, ta’mirlash ishlari bajarildi.
Hademay yurtimizga bahor fasli kirib keladi. Hududlarda bahor yumushlari, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari ham boshlab yuborilgan. Xususan, markaziy yo‘llar, mahalla va ko‘chalar atrofini tartibga keltirish, tozalash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyati Olot tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi ishchi-xizmatchilari tomonidan yo‘llarda yig‘ilib qolgan tuproq aralashmalari tozalanmoqda. Yo‘l chetlari, ariqlar, piyodalar yo‘laklari va jamoat joylari chiqindilardan tozalanib, harakat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bahor oldi bunday obodonlashtirish ishlari hududlarning yanada fayzli va ko‘rkam bo‘lishiga, aholi uchun qulay va toza muhit yaratishga zamin.
Farg‘ona viloyati yo‘lchilari tomonidan harakat xavfsizligi va qatnov qulayligini ta’minlash maqsadida joylarda ta’mirlash ishlari izchil olib borilmoqda. Xususan, Oltiariq tumani hududidan o‘tuvchi D105 “Farg‘ona halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 235—236-km oralig‘idagi qoplamadagi shikastlangan qismlar kesib olinib, geometrik shaklga keltirilmoqda hamda sovuq asfalt qorishmasi to‘ldirilib, zichlash ishlari bajarilmoqda.
Marg‘ilon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yo‘l infratuzilmasi uchun hudud tayyorlash ishlari izchil davom etmoqda. Ayni paytda ichki avtomobil yo‘llari qurilishi rejalashtirilgan hududlarda yer tekislash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, D006 “Toshkent sh. – Chirchiq sh. – Chimyon q.” avtomobil yo‘lining 32 – 33-kilometrida “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri DM tomonidan ikkita yerosti piyodalar o‘tish yo‘lini qurish ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Ob’ektni sifatli qilib, o‘z muddatida foydalanishga topshirish maqsadida jarayonlar ikki navbatda, belgilangan reja asosida jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu qurilish ishlarini amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad yo‘lovchi va haydovchilarga qulaylik yaratish orqali harakat xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Bu kabi amaliy ishlar davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA