Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy yog‘ ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi
14:48 / 2025-10-13

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi yog‘ ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi. Yiliga 3 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega “Risqiboy Mironshoh” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati tuman sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Korxona Ko‘rkam diyor mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida joylashgan bo‘lib, unda Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar o‘rnatilgan. To‘liq ishga tushgandan so‘ng, korxona yiliga 20 ming tonna chigitni qayta ishlab, 54 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ayni paytda korxonada 40 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarish to‘liq quvvatga chiqqach, yana 30 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu esa mahalliy aholi bandligini ta’minlash va ularning daromad manbaini oshirishga xizmat qiladi.

Tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Xusnitdin Suvonov boshchiligidagi ishchi guruh korxona faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda yog‘ ishlab chiqarish hajmini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mahalliy hokimiyat va tadbirkorlik sub’ektlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur korxona nafaqat sanoat tarmog‘ini rivojlantirish, balki qayta ishlash sohasini kengaytirish, hudud iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri