Jizzax viloyatining Zomin tumanida aholi tomorqalarida bahorgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bahorgi ekinlarni ekishga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sifatli ko‘chat yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Seminar tumanning “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Anorboy Kubayev xonadonidagi issiqxonada tashkil etildi. Unda tumandagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamda mahallalar hokim yordamchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon va achchiq qalampir kabi bahorgi ekinlar uchun sifatli ko‘chat yetishtirishning zamonaviy va samarali usullari amaliy tarzda namoyish etildi. Mutaxassislar urug‘ tanlash va ekish tartibi, ko‘chatlarni agrotexnik talablar asosida parvarishlash, issiqxonada maqbul harorat va namlik me’yorini saqlash, hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berishdi.

Shuningdek, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Po‘lat Alibekov tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish istagida bo‘lgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, zarur maslahat va ko‘mak berish choralari kuchaytirilishini ta’kidladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri