Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy va qulay bekatlar qanday bo‘lishi kerak?
16:45 / 2023-08-18

Qishning sovuq, yozning esa jazirama issiq kunlarida bekatlarda avtobus kutish oson emas. Xo‘sh, hozirgi bekatlar odamlarga qulaymi? Aslida aholi talablariga javob beradigan bekatlar qanday bo‘lishi kerak?

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 fevraldagi “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida bekatlarga qo‘yiladigan talablar belgilangan.    

Qarorga muvofiq, bekatlar orasidagi masofa 600 metr, tezyurar yo‘nalish avtobuslari uchun 800-1200 metr bo‘lishi lozim. Avtomobil yo‘llari toifasiga qarab avtobus bekatlarida chiqish maydonchasi, tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.  

Avtobuslar to‘xtashi uchun esa yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi (karman), ajratuvchi chiziq, trotuar, piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar va yoritish uskunalari bo‘lishi muhim.    

Toshkent shahar xokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qororga muvofiq,  bekatlarni belgilangan me’yorlarga mos bo‘lgan namunaviy dizayn asosida qurish va rekonstruksiya qilish, bekat hududida aholining imkoniyati cheklangan guruhlarining to‘siqsiz harakatlanish muhitini yaratish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus pandus tashkil etish lozim.    

Avtomobil yo‘li qatnovi qismi bilan chegarasida “taktil” plitalar o‘rnatish yo‘li bilan imkoniyati cheklangan guruhlarning xavfsizligini ta’minlash hamda axborot xavfsizligini ta’minlash orqali aholi uchun bepul internet tarmog‘ini (Wi-Fi) o‘rnatish kerak.    

Shu bilan birga, bekatda avtobuslar qatnov jadvali, kelish vaqti, ob-havo va boshqa ma’lumotlarni kuzatish uchun elektron tablo o‘rnatish, bekatning faqat peshtoqi va yon devorlarida reklama uchun ekranlarni joylashtirish uchun sharoit yaratish, kuzatuv kamerasi o‘rnatish hamda zamonaviy dizayndagi va qulay bo‘lgan o‘rindiqlar (yog‘ochdan) o‘rnatish ham fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.    

Bekat ozodaligi va gigiyena talablariga ko‘ra, chiqindilarni tashlash qutilarini o‘rnatish ham muhim sanaladi. Mobil qurilmalarni quvvatlash manbaini o‘rnatish esa ayni muddaodir.    

Shuningdek, bekatlarda bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo‘ljallangan o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish avtomatlarini joylashtirish, bekat belgisi, identifikatsiya raqami o‘rnatish va bekatlarni doimo soz va ozoda holda saqlash qarorda belgilangan.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA