English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy uylar – yurt ko‘rki
17:35 / 2015-07-16

Mamlakatimizda namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan zamonaviy massivlar qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, joylarda infratuzilmani rivojlantirish, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan zamonaviy massivlar qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, joylarda infratuzilmani rivojlantirish, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Zamonaviy va milliy me’morchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan ko‘rkam massivlarda keng va ravon yo‘llar, ijtimoiy obyektlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilib, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgani yangi uylarga odamlarning qiziqishini kuchaytirmoqda. Yangi turar joy massivlarida qad rostlayotgan yakka tartibdagi namunaviy uylar buyurtmachilar ulushi va tijorat bankining uzoq muddatli imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan qurilayotgani, e’tiborlidir. 

O‘tgan yillarda Surxondaryo viloyatidagi 125 qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 3 ming 734 zamonaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. 

– Yangi uylarning loyiha hujjatlarini tayyorlash, qurish va uyni tayyor holda topshirish bilan bog‘liq barcha ishlarning tizimli amalga oshirilayotganidan buyurtmachilar juda minnatdor, – deydi “Qishloqqurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyat filiali direktori o‘rinbosari Qudrat Qurbonniyozov. – Bunday tizimning joriy etilgani qishloq aholisi uchun qulayliklar yaratib, ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarga barham berdi. Soliq to‘lovlarida yaratilgan imtiyozlar ham ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 7-yanvardagi “2015-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturi va 2016-yilgi qurilishning asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yilda Surxondaryo viloyatida 16 qishloq massivida 975 namunaviy uy-joy barpo etilmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanidagi Mehnat-rohat massivida 95, Sariosiyo tumanidagi Xufor massivida 60, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bog‘aro massivida 40, Termiz tumanidagi Soliobod massivida 155, Angor tumanidagi Navro‘z massivida 40 namunaviy uy-joylar qurilishi olib borilmoqda.

Angor tumanidagi Navro‘z massivida “Tallashqon-invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari o‘nta yangi uyni tez, sifatli barpo etayotir. Mahalliy qurilish materiallaridan unumli foydalanilayotgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. 

– Zamonaviy massivdagi yangi uylar mahalliy qurilish materiallaridan barpo etilayotganidan faxrlanamiz, – deydi “Tallashqon-invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ismat Ro‘ziyev. – Ayni kunlarda pardozlash ishlarini amalga oshirayapmiz. Sharoiti shaharnikidan qolishmaydigan bu uylar Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.

Termiz tumanidagi Tinchlik massivida qad rostlayotgan 265 namunaviy uy-joyda ham qurilish ishlari qizg‘in davom etayotir. Barcha sharoitga ega bo‘ladigan zamonaviy turar joy binolarida yangi yilgacha uy to‘ylarini nishonlash ko‘zda tutilgan.

– Massivning katta yo‘l bo‘yida aholi uchun zarur ijtimoiy-infratuzilma obyektlari hisobga olinib barpo etilayotgani bizda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi termizlik Olim Otaqulov. – Oila a’zolarimiz bilan maslahatlashib, to‘rt xonali uyga buyurtma berdik. Barcha qulaylikka ega zamonaviy uyda yashashimiz uchun ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan minnatdormiz.

“Qishloqqurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyat filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan yangi massivlarda yuzdan ortiq qurilish tashkiloti bunyodkorlari mehnat qilmoqda.