Yurtimizda tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy kaminvaziv jarrohlik amaliyotlarining respublika bo‘ylab, jumladan, hududiy tibbiyot muassasalarida keng joriy etilayotgani soha rivojining yaqqol ifodasidir.
Travmatologiya yo‘nalishida murakkab, yuqori texnologiyali operatsiyalarning mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, mahalliy mutaxassislarning bunday jarrohlik amaliyotlarini puxta o‘zlashtirib borayotgani har birimizda g‘urur hissini uyg‘otadi.
Shuningdek, davolanish jarayonida bemor atrofida yaratilgan ijobiy muhit ham uning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, tezroq sog‘ayishiga xizmat qiladi. Respublika Shoshilinch Tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali mutaxassislari keyingi yillarda aynan shu omillarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Bugungi kunda yuqori malaka va zamonaviy texnologiyalarni talab etuvchi tibbiy xizmatlar nafaqat viloyat markazida, balki tuman miqyosida ham amalga oshirilayotgani sohaning jadal rivojlanayotganligidan dalolat beradi.
Filialning yetakchi travmatologlaridan A.Oripov boshchiligida tuman travmatologlari bilan hamkorlikda Romitan tumanidagi Tumanlararo qo‘shma jarohatlar va qon-tomir kasalliklari markazida navbatdagi “Mahorat darslari” muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur tadbir doirasida mehnatga layoqatli, o‘rta yoshli ikki nafar bemorda yuqori texnologiyali, kaminvaziv travmatologik amaliyot bajarildi. Xususan, birinchi bemorda “Chap boldir suyaklarining pastki uchligidan yopiq, maydalanib sinib, siljish” tashxisi, ikkinchi bemorda esa “O‘ng yelka suyagining yuqori uchligidan yopiq, bo‘laklanib sinib, siljish” tashxisi aniqlandi. Har ikki holatda ham “EOP ostida kaminvaziv bloklovchi intramedullyar osteosintez” usuli qo‘llanildi.
O‘tkazilgan ushbu zamonaviy amaliyotlar natijasida bemorlar erta reabilitatsiya qilinib, qisqa muddat ichida to‘liq mehnat faoliyatiga qaytishi uchun mustahkam zamin yaratildi.
“Mahorat darslari” jarayonida bajarilgan operatsiyalar mutaxassislar tomonidan amaliy tajriba asosida keng yoritib berildi. Shuningdek, kaminvaziv davolash usullari bo‘yicha jahon tajribasi bilan ham o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida filialning Travmatologiya bo‘limi mudiri A.Mo‘minov hamda mutaxassislar ishtirokida Romitan “Tumanlararo qo‘shma jarohatlar va qon-tomir kasalliklari markazi” faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq rejalar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.