Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy transformatorlar o‘rnatildi
11:45 / 2025-11-05

Sirdaryo viloyatida iste’molchilar va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirish hamda tizim samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda hududlardagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarda rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari davom etmoqda. Bu tadbirlar elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, ortib borayotgan iste’mol hajmlarini qoplash va aholi hamda ishlab chiqarish sohalari uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.

Jumladan, “Yangiyer” podstansiyasida quvvati 40 000 kVA bo‘lgan ikki zamonaviy transformator o‘rnatildi. Bu qurilmalar orqali podstansiyaning quvvati va ishonchlilik darajasi oshirildi, elektr ta’minotida yuklama muvozanati yaxshilanib, uzilishlar xavfi kamaydi.

Hozirda podstansiyaga kiruvchi 110 kilovoltli tarmoqda demontaj va montaj ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, eski tipdagi uskunalar o‘rniga avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari o‘rnatilmoqda. Bu esa elektr energiyasi taqsimotini yanada qulay va xavfsiz boshqarish, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda nosozliklarni tezkor bartaraf etishda qo‘l keladi.

– Yangiyer podstansiyasidagi modernizatsiya ishlari yakuniy bosqichga kirdi. Yangi transformatorlar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi ishga tushirilgandan so‘ng, hududda energiya ta’minotining barqarorligi sezilarli darajada oshadi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filiali ishlab chiqarish texnika xizmati bo‘limi boshlig‘i Erkin Mahmudov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha amalga oshirilgandan keyin Yangiyer shahri va yaqin atrof mahallalardagi 16 000 ga yaqin aholi xonadonlari hamda 1000 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, yangi tizim energiya yo‘qotishlarini kamaytiradi, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish va nazoratni masofadan amalga oshirish imkonini beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA