Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari namoyishi
19:41 / 2023-09-13

Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - TTME 2023” ikkinchi Toshkent xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

“Congresses of Central Asia – CCA” xalqaro kompaniyasi va uning hamkori  – “ICA Eurasia Group”  tomonidan va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi rasmiy ko‘magida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada 6 mamlakatdan 120 ta kompaniya va brendlar o‘z mahsulotlarini taqdim qilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Bu jarayonda  ushbu ko‘rgazma texnologik va ijodiy innovatsiyalarni joriy etish, bozor imkoniyatlarini rivojlantirish va kengaytirishga yordam beradi.  Zamonaviy dunyoda doimiy ravishda yangi texnologiyalarni baholash va sarmoya kiritish juda muhim. Shu sababli, bu ko‘rgazma mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun yangiliklar bilan  tanishishda professional platforma hisoblanadi.

[gallery-13566]

– Biz ko‘rgazma tashkilotchilari bilan muntazam hamkorlik qilamiz, –dedi "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva. – Bu ko‘rgazma zamonaviy dastgohlar namoyishi bilan ajralib turadi. U  Xitoy milliy paviloni tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, 87 ta kompaniya dastgohlardan tortib yordamchi mexanizmlar va aksessuarlargacha bo‘lgan keng ko‘lamli jihozlarni taqdim etadi. Koreya Respublikasi milliy paviloni ishtirokchilarining stendlaridagi texnologiya namoyishi mutaxassislar uchun qiziqarli bo‘ladi. An’anaga ko‘ra, Turkiya ishlab chiqaruvchilari to‘qimachilik korxonalari uchun yuqori sifatli kompressor uskunalarni hamda Buyuk Britaniya va Hindiston kabi mamlakatlarning debyut ishtirokini ta’kidlab o‘tamiz. Ularning stendlarida sanoat tikuv va bichuv uskunalari, inson tanasini 3D skanerlash tizimlari, paxta tozalash zavodlari, to‘qimachilik sanoati uchun kimyoviy moddalar va bo‘yoqlar namoyish etiladi.

Xitoyning “Seize Compressor (Shanghai) Co.,Ltd” korxonasi Toshkentda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada bu yil ikkinchi bor qatnashmoqda. Uning kompressorlari dunyo bo‘yicha ishlab chiqarish sohasida keng ishlatiladi.

– O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasi rivojlanmoqda. Bu bizning ko‘rgazmada ishtirok etishimiz uchun muhim omil bo‘ldi. 2015 yildan buyon o‘zbek hamkorlarimiz bilan ishlayapmiz. Bugungi kunda korxonamiz 35 davlatga mahsuloti yetkazib bermoqda. Ushbu ko‘rgazma biz uchun yanada keng imkoniyat ochib berishiga ishonaman, –dedi mazkur korxonaning MDH bo‘yicha menejeri Elmurod Qosimov.

Ko‘rgazma 15 sentyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri