Bugungi kunda energiya sohasidagi modernizatsiya va ekologik texnologiyalarni joriy etish nafaqat sanoat samaradorligini oshirish, balki atrof-muhit va inson salomatligini muhofaza qilishning eng muhim omiliga aylandi.
Shu sababli, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalarda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda aynan shu mavzuda ma’lumotlar berildi.
Tadbirda ishtirokchilar Toshkent issiqlik elektr markazi, “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ tizidagi 4-qozonxona hamda Toshkent issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, Yakkasaroy tumanidagi ushbu korxonada 5 ta qozon agregati va 1 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Korxonada mazut yoqilg‘isi to‘liq chiqarib tashlangan bo‘lib, energiya faqat tabiiy gaz asosidagi zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, davlat topshiriqlariga muvofiq, poytaxtda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish maqsadida 2024 yilda markazga quvvati 64 MVt bo‘lgan ikki dona yangi gaz-turbina qurilmalari o‘rnatilgan. Bu esa atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni yiliga 200 tonnaga kamaytirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, elektr markazida 4 ta avtomatik monitoring stansiyasi va 1 ta ekopost o‘rnatildi, gaz tarmoqlaridagi mexanik filtrlar yangilandi. Korxona shahar markazida joylashgani bois, ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatish va shahar ko‘rkini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 15,5 gektar maydonda 16 ming 490 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘” barpo etildi.
Bu boradagi ishlar “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ tizimidagi 4-qozonxona va Toshkent issiqlik elektr stansiyasida ham samarali tashkil etilmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, zamonaviy stansiyalar chiqindilarni kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha eng so‘nggi innovatsion usullardan foydalanadi. Bu esa mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lib, kelajak avlod uchun toza va barqaror muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shu tariqa, poytaxtdagi issiqlik elektr stansiyalari nafaqat energetika infratuzilmasini mustahkamlaydi, balki ekologik jihatdan ham barqarorlikni ta’minlaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gunsCImd-v8" title="Zamonaviy texnologiyalar “yashil” iqtisodiyotga o`tish yo`lidagi muhim qadam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA