Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy texnologiyalar samaradorlikni oshiradi
07:41 / 2026-02-10

Namangan viloyatida suv resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Chortoq tumandagi “Buvaboy Robaxon fayzi” fermer xo‘jaligida suv tejovchi innovatsion yechimlardan biri – tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ishlari boshlandi. Ushbu loyiha Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon viloyatida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajriba asosida amalga oshirilmoqda.

Mazkur zamonaviy texnologiya har bir o‘simlik ildiziga suvni aniq me’yorda yetkazib berish orqali suv sarfini sezilarli darajada qisqartirish, tuproq unumdorligini saqlash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlab, agrar sohada barqaror rivojlanishga mustahkam zamin yaratadi.

Joriy yilda xo‘jalikning 31 gektar maydonida tomchilatib sug‘orish tizimini to‘liq joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus tumanda suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish va fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimiz rahbarining 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2028 yilgacha 3,5 million gektar yerda tejamkor sug‘orish tizimi o‘rnatiladi. Bu orqali yiliga 5 milliard kub metr suv tejab qolinadi. Moliyaviy ko‘mak sifatida, shu yilning o‘zida tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit beriladi, davlat tarafidan esa, 800 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Endilikda texnologiyani o‘z puliga qurmoqchi bo‘lganlarga subsidiyaning 50 foizi oldindan, qolgani ish bitgach to‘lab beriladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.