Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy texnologiyalar ish unumdorligini oshirmoqda
14:12 / 2025-09-15

Aholi xonadonlari va ishlab chiqarish korxonalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan joylarda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Tabiiy gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan ikki bosqichliga o‘tkazildi. Energiya resursini tejash, gaz yo‘qotishlarning oldini olish hamda gaz sizib chiqish holatlari yuzaga kelsa zudlik bilan bartaraf etishda raqamli texnologiyaning o‘rni alohida bo‘lmoqda. Jarayonlar zamonaviy texnologiyaning yana bir cho‘qqisi bo‘lmish maxsus mobil laboratoriya orqali amalga oshirilmoqda.

– Maxsus mobil laboratoriya o‘ziga xos afzalliklarga ega bo‘lib, qulayligi bilan mushkul jarayonlarni osonlashtirmoqda. U bilan bir vaqtning o‘zida yer osti va yer usti gaz quvurlarini aniqlik bilan tekshirish mumkin. Bu esa ta’minot xodimlari uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Ilgari chilangar bir kunda bor-yo‘g‘i 6 yoki 7 kilometr masofani tekshirishi mumkin bo‘lsa, mobil laboratoriya yordamida esa 60-70 kilometrgacha gaz quvurlarini ko‘zdan kechirish imkoni bor. Shuningdek, mobil laboratoriya orqali nafaqat vaqt, balki ishchi kuchi ham tejaladi, tekshiruvlarning aniqligi oshadi, – deydi mutaxassis Elyor Rahmonov.

Viloyatda joriy yilning dastlabki oyidan boshlab to buguniga qadar maxsus laboratoriya yordamida 304 ga yaqin gaz sizib chiqish holatlari aniqlandi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mavjud 12 050 kilometr uzunlikdagi yer osti gaz quvurlari tekshirildi. Tekshiruvlar natijasida aniqlangan gaz sizib chiqish holatlari bartaraf etilib, tabiiy gaz yo‘qotilishining oldi olindi.

Aholini uzluksiz va xavfsiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ajratilgan 1 ta maxsus mobil laboratoriya avtotransport vositasi orqali viloyatning shahar va tumanlarida joylashgan yer osti gaz quvurlarida gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.