Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy texnologiyalar hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda
19:01 / 2017-10-31

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hosildorlikni sezilarli darajada oshirib, meva-sabzavot ekinlari sifatini saqlagan holda, ularni yetishtirishga ketadigan sarf-harajatlarni qisqartiradi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hosildorlikni sezilarli darajada oshirib, meva-sabzavot ekinlari sifatini saqlagan holda, ularni yetishtirishga ketadigan sarf-harajatlarni qisqartiradi. Qishloq xo‘jaligi faoliyatini bosqichma-bosqich avtomatlashtirish mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yurtimizda zamonaviy ekologik toza o‘g‘itlardan foydalanish, dalalarni lazerli rejalashtirishni joriy qilish, yerga shudgorsiz ishlov berish, tuzga va quruqlikka chidamli ekinlarni yetishtirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (III bosqich)” qo‘shma loyihasi doirasida Toshkent viloyatida zamonaviy qishloq xo‘jaligi meteostansiyalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bunday texnika vositalari Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarida foydalanishga topshirildi, yaqin kunlarda Parkent va Toshkent tumanlarida o‘rnatiladi. Buning samarasida 800 fermer va dehqon xo‘jaligi tezkor meteoxabarlar hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga doir tavsiyalar bilan ta’minlanadi.

O‘rnatilayotgan har bir meteostansiya yog‘ingarchiliklar soni, havo va tuproq harorati, havo namligi darajasi, shamol tezligi va yo‘nalishi hamda boshqa qator muhim ko‘rsatkichlarni hisobga oladigan moslamalarga ega. To‘plangan ma’lumotlar asosida kasalliklar va zararkunandalarning paydo bo‘lish xavfi oldi olinadi, o‘simliklarni himoya vositalari bilan qayta ishlash bo‘yicha profilaktik ishlarni o‘tkazish, sug‘orish vaqti va intensivligi rejalashtiriladi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirish esa mavjud resurslardan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Fermer xo‘jaliklari vakillari muntazam ravishda maslahat olish bilan birga o‘quv treninglari va seminarlarda ishtirok etadi. Tajriba loyihasi natijalari uni keyinchalik mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.