FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida paxtachilik va urug‘chilik sohasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yoqubboy Ashirov” fermer xo‘jaligi hamda uning qoshida tashkil etilgan “Amu sara urug'lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli urug‘lik chigit tayyorlanmoqda.
Korxonada 60 nafardan ortiq ishchi uch navbatda mehnat qiladi. Bu yerda kuniga 30 tonna paxta qayta ishlanadi. Jarayon davomida urug‘lik paxtadan olinadigan chigitlar tuksizlantirilib, dorilanadi va separatorlar orqali saralanib, yuqori sifat darajasiga yetkaziladi. Ayni paytda joriy yil hosili uchun erta bahorda ekiladigan “Ravnaq” va “Sulton” kabi navlar urug‘i tayyorlanmoqda. Mahalliy iqlim sharoitiga mos, kasalliklarga chidamli navlarni tanlash barqaror va mo‘l hosil olishga xizmat qilmoqda.
[gallery-27896]
Fermer xo‘jaligi rahbari Yoqubboy Ashirov faoliyatini 2009-yilda boshlagan. Hozirgi kunda u 114 gektar yer maydonida dehqonchilik qiladi. Tadbirkor davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 3 milliard so‘m imtiyozli bank krediti hamda 3 milliard so‘m o‘z mablag‘i hisobidan Xitoydan paxta, g‘alla va boshqa donli ekinlar urug‘ini qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar olib kelgan. Shu asosda “Amu sara urug'lari” MCHJ tashkil etilgan.
Shuningdek, dala ishlarini samarali tashkil etish maqsadida yangi zamonaviy traktorlar va qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilingan. Bu agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda.
Amudaryo tumanida qo‘lga kiritilayotgan natijalar innovatsion yondashuv va samarali mehnat samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA