Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy tadbirkor ayol – ilhom, intilish va islohot ramzi
16:00 / 2025-10-08

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Respublika o‘rta tibbiyot xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi viloyat filialida “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida “Zamonaviy tadbirkor ayol – ilhom, intilish va islohot ramzi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Unda “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining Respublika-hududiy bosqichi g‘olibi Shohista Ahmedova hamda “Durdona javohirlari” oilaviy korxonasi rahbari Gavhar Egamova tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda xotin-qizlarning ishtirokini yanada faollashtirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, tovar belgilarining tadbirkorlik faoliyatidagi o‘rni va samarasi haqida ma’lumotlar berdi. 

Seminarda tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga muvaffaqiyat sari intilish, to‘siqlardan qo‘rqmaslik, o‘z g‘oyasini amalga oshirish uchun harakat qilishi lozimligi ta’kidlandi. 

– Dastlab 1995 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, 2008 yildan boshlab yuridik firma tashkil qildim va bugungi kunga kelib 3 ta korxonaning ta’sischisiman, – deydi Shohista Ahmedova. – Hozirda 2 ta mehmonxonalar tarmog‘i, 3 ta supermarket va 3 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 120 dan ortiq yoshlar va xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Ayni paytda 4 yulduzli mehmonxona qurilishini olib bormoqdamiz. Ushbu ob’ektimiz ishga tushgach, yana 70 ga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi. Sizga ishonch bilan ayta olamanki, hayotda sizni kutayotgan katta muvaffaqiyatlar ham Siz tashlagan kichik qadamlardan boshlanadi. Agar sizda g‘oya bor bo‘lsa, undan qo‘rqmang. Harakat qiling, o‘rganing, sinab ko‘ring. Chunki ertangi muvaffaqiyat – bugun tashlagan qadamingizdan boshlanadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi har uchinchi tadbirkor ayol kishidir. Dunyo bo‘yicha barcha tadbirkorlarning qariyb 33 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tadqiqotlardan ma’lumki, ayollar boshchiligidagi kompaniyalar tezroq yuksaladi. 

Hozirgi kunda mamlakatimizda ayollarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, 200 mingdan ortiq ayol o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan. Tadbirda shu kabi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor ayollar qatoriga kirish uchun har bir ayol o‘z ustida doimiy ishlashi, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, biznesni boshlashda tajribali mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan seminar va treninglarning ahamiyati alohida e’tirof etildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri