Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy suzish havzalari qurilishidagi yangi imkoniyatlar
16:06 / 2026-02-03

Mamlakatimizda turizm va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni Turizm qo‘mitasi qoplaydi. 2026 yil 1 fevraldan 2028 yil 1 yanvargacha tashkil etiladigan dastlabki 100 ta suzish havzasi uchun xarajatlarning 50 foizigacha, ammo 100 million so‘mdan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Suzish havzalarini tashkil etishda bir qator talablar belgilab qo‘yilgan. Ular maydoni 50-100 kv.m, chuqurligi 1,3 metrdan boshlanadigan, suvni filtrlash, isitish va dezinfeksiya qilish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Havzalar yopiq (ichki) yoki ochiq (tashqi) bo‘lishi mumkin, ammo binoning fasad qismi va atrofi dekorativ suv havzalari yoki favvoralar bilan bezatilmasligi talab qilinadi. Shuningdek, suv havzasi kichik savdo markazlari yoki umumiy ovqatlanish shoxobchalari hududida tashkil etilgan bo‘lishi shart.

Turizm qo‘mitasiga xarajatlarni qoplash uchun ariza taqdim etishda talabgorlar suzish havzasi loyiha hujjatlari nusxasi, qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi, shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjatlar (hisobvaraqa-faktura, kassa yoki terminal cheki, bank to‘lov hujjatlari va boshqalar) kabi hujjatlarni ilova qilinishi lozim.

Arizalar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, talabgorlar soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikning yo‘qligi,  qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi, faoliyatning qonuniy tartibda vaqtincha to‘xtatilmaganligi hamda sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilinmaganligi kabi ko‘rsatmalarga muvofiq bo‘lishi shart.

Shu tariqa, davlatning yangi dasturi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etishda tadbirkorlarga qo‘llab-quvvatlashning qulay imkoniyatlarini taqdim etmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA