Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy stomatologiya: aholiga yaqin, sifatli va kafolatlangan
10:43 / 2025-12-21

Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, xususan, og‘iz bo‘shlig‘i va tish kasalliklarining oldini olish sog‘liqni saqlash tizimining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda Buxoro viloyati Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi tizimida stomatologik xizmatlar izchil rivojlantirilib, aholining barcha qatlamlari uchun qulay, sifatli va kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Hozirgi kunda tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi muassasalarda jami 18,5 shtat birligida malakali stomatolog shifokorlar faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada 4 ta, oilaviy poliklinikalarda 8 ta hamda oilaviy shifokorlik punktlarida 6,5 ta shtat birligi asosida stomatologlar aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, barcha stomatologik kabinetlar zamonaviy tibbiy texnologiyalar, yangi avlod stomatologik qurilmalar, sterilizatsiya vositalari va sifatli plomba ashyolari bilan to‘liq jihozlangan. Bu esa tashxis qo‘yish va davolash jarayonlarini tezkor, xavfsiz hamda samarali amalga oshirish imkonini bermoqda.

Davlat tomonidan joriy etilgan “Kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi” doirasida tuman aholisi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun stomatologik xizmatlar bepul ko‘rsatilmoqda. Jumladan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar, 13 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan bemorlar, nafaqada bo‘lgan fuqarolar stomatologik birlamchi tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish huquqiga ega.

Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat doirasida kam ta’minlangan va imtiyozli toifadagi fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari hamda jon boshiga oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar a’zolari stomatologik kasalliklar bo‘yicha jarrohlik amaliyotisiz davolanishi yoki zarur hollarda jarrohlik amaliyotlarini bepul o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda aholiga rejalashtirilgan statsionar tibbiy yordam elektron navbat asosida bepul xizmat ko‘rsatiladi. Bunda soliq to‘lovchilar, voyaga yetmaganlar, talabalar, homilador ayollar, ishsizlar, nafaqa yoshidagilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali kam ta’minlangan deb topilgan shaxslar ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.

Bugungi kunda Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasida stomatologik xizmatlar zamon talablari asosida, aholiga yaqin va inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda tashkil etilgan. Zamonaviy jihozlar, malakali mutaxassislar hamda davlat tomonidan yaratilgan imtiyozlar tizimi tuman aholisining sog‘lom yashashiga zamin yaratmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.