Zamonaviy sport zali yoshlar ixtiyorida
Buxoro shahar 2-son sport maktabi hududida barpo etilgan zamonaviy dzyudo sport zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va sportchi yoshlar ishtirok etdi.
Unda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh iqtidorli sportchilarni kashf etish, ularning munosib mashg‘ulotlar o‘tashlari uchun zamonaviy sport inshootlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.



Sport maktabi o‘quvchilari, qolaversa, mahalla yoshlariga sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatini taqdim etayotgan yangi sport inshooti 1 milliard 850 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilib, barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy zalda ikkita tatami gilami, o‘g‘il bolalar va qizlar uchun alohida kiyinish xonalari, murabbiylar xonasi va dzyudo sport klubining ofisi joylashgan. Zalda kuniga 200 nafargacha sportchi shug‘ullanishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.